Neymarning otasi futbolchining kelajagi haqida fikr bildirdi
«Al-Hilol» hujumchisi Neymarning otasi Neymar da Silva Santos futbolchining kelajagi haqidagi savolga javob qaytardi.
"Nima bo‘lishini ko‘ramiz. Biz hech qachon oldindan reja tuzmaganmiz. Faqat bitta rejamiz bo‘lgandi – «Barselona»ga qo‘shilish. Qolgan barchasi... «PSJ» – bu aql bovar qilmaydigan g‘oya edi, ammo u bir joyda depsinib qoldi va bir paytda u klubdan ketishi kerakligini tushundik. «Al-Hilol» bilan ham shunday bo‘ldi.
Transfer bozori yaqinlashmoqda. U jarohatidan sog‘ayganida har doim avvalgidan ham yaxshiroq qaytib keladi va bu safar ham istisno bo‘lmaydi. Uning 2025 yilgacha shartnomasi bor. Hozircha biz hech narsa bilmaymiz", – deya Neymarning otasining so‘zlarini keltiradi AS nashri.
Joriy mavsumda 32 yoshli hujumchi ikki o‘yinda maydonga tushgan, lekin samarali harakatlar bilan ajralib turmagan.
Eslatib o‘tamiz, Neymar 2023 yilning avgust oyida «Al-Hilol»ga qo‘shilgan. Futbolchining amaldagi shartnomasi 2025 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotiga ko‘ra, 32 yoshli hujumchining bozor qiymati €30 millionni tashkil etadi.