Kunde «Barselona»da asosiy o‘yinchi...
Va o‘z pozisiyasida dunyodagi eng yaxshilaridan biriga aylandi. Qanday qilib?
«Barselona» Xansi Flik rahbarligida mavsumni har taraflama muvaffaqiyatli boshladi: sifatli o‘yin, natija, yorqin uslub. Bunday muhitda bir qator o‘yinchilar ochilishdi. Masalan, yaqinda OAV e’tiborini tortgan Rafinya yoki 10ta gol bilan to‘purarlar yetakchisi bo‘lib olgan Levandovski.
Ular orasida Jyul Kunde e’tibordan chetda qolmoqda. Vaholanki, u yuksak saviyasi evaziga Flik jamoasida muhim rol o‘ynamoqda. Fransiyalik iqtidorning ixtisosi qanot himoyachisi emasligini hozir ko‘pchilik unutishga ulgurdi. Keling, yaxshisi Xavi o‘z davrida qanotda to‘p surishga ko‘ndira olmagan markaziy himoyachi o‘ta qisqa vaqt ichida dunyodagi eng yaxshi qanot himoyachilari safiga ko‘tarilganini ko‘rib chiqamiz.
Kundening Xavi davridagi vazifasi: 3-2-5 tizimida yordamchi himoyachi
Kunde «Barselona»ga 2022 yilda o‘tgandi. O‘shanda top-klublar e’tiborini qozongan markaziy himoyachi Tomas Tuxel uni qanotga tushirmoqchi ekanligi sababli «Chelsi» taklifini rad etgani va «Barsa»ga o‘tgani haqida yozishgandi.
Amalda Kataloniyada ham shu holat takrorlandi. Mavsum davomida Xavi 3-2-5 sxemasidan foydalanishga qaror qilgan va Kundeni o‘ng qanotga tushirgandi. Aslida, u to‘psiz paytida o‘ng qanotda bo‘lsada, jamoa oldinga intilganda uchlik shakllanardi. Bu rol Kundega yoqmasligi haqida ko‘p yozishgani bois, Xavi o‘ng qanotga Arauxoni tushirgan vaqtlar ham bo‘ldi.
Nihoyat, o‘zgarishlar oqibatida yuz bergan muammolardan keyin muvozanat tiklandi: Kunde muntazam ravishda o‘ng qanotda o‘ynay boshladi. Natijada jamoada ishonchli himoya chizig‘i yuzaga keldi: 3Q2 bloki hujumga yordam berishdan tashqari, raqibning qarshi hujumlarida mustahkam qo‘rg‘onga aylandi.
Flik davrida Jyul o‘sha pozisiyada, lekin hujumda yanada dadilroq
Endi «Barsa» vertikal futbolni namoyish etadigan dadil jamoa. Dadillik tayanch hududidagi yagona o‘yinchining harakati va ko‘pgina o‘yinchilar oldinda ekanliklarida namoyon bo‘ladi. Ana shu rolni ko‘pincha Kunde ijro etmoqda. To‘p jamoaga o‘tgan vaqtda Kunde 2ta variantni qo‘llaydi. Birinchisi - dastlabki bosqichda uchlikni shakllantiradi, ikkinchisida - faollik bilan hujumga intiladi. Bu uning o‘yinni keskinlashtiruvchi ko‘rsatkichlarini oshiradi. Misol uchun, ortda qolgan «Osasuna» va «Yang Boyz»ga qarshi bahslarda o‘ta faolligi bilan yaqqol ajralib turdi. Ya’ni, ko‘proq vaqtini raqib yarim maydonchasida harakatlandi.
Kunde Yamal bilan ajoyib bog‘lam yaratdi
Hujumga otlangan pallada Jyul Lamin Yamal bilan yonma-yon harakatlagani sababli, bir-birining holatiga moslashishga tayyor bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Shunda tushunmovchiliklar yuz bermaydi.
Harakatlarini raqibga sezdirmaslik niyatida futbolchilar bir nechta variantlarni qo‘llashadi. Masalan, Kunde Yamalning ortidan oldinga intilib, sherigi uchun to‘pni maydon bo‘ylab yetkazib berish imkoniyatini yaratadi. Yoki aksincha, yarim fangdan reyd uyushtirish bilan Laminga markazda bo‘sh hudud yaratadi.
Bundan tashqari, raqiblarning aksariyati asosiy e’tiborni Yamalni zararsizlantirishga qaratishi ham Jyulga ko‘proq erkinlik beradi. Misol uchun, yaqinda «Xetafe» darvozasiga urilgan gol ham shu juftlikning ijod mahsuli. Lamin to‘pni keng pozisiyada qabul qiladi, Kunde uzatmani ilib olish uchun qanotdan olg‘a intiladi. Bir qarashda oddiy, lekin samarali usul.
Jyulning to‘psiz bajaradigan vazifasi muhim: ba’zan omadsiz bo‘lsada, ko‘pincha yaxshi uddalanadi
Flik davrida «Barselona» juda dadil pressing tizimidan foydalanmoqda: jamoa markaziy yo‘nalishni «betonlab», qanotlarda raqiblariga keng bo‘shliqlar qoldiradi. Bunday vaziyatda qanot himoyachilari zimmasiga yuksak mas’uliyat yuklanadi. Bu nafaqat taktik, balki jismoniy tayyorgarlikni talab etadigan vazifa. O‘ng qanotda to‘psiz o‘ynash bobida uncha kuchli bo‘lmagan Lamin Yamal to‘p surishini inobatga olganda, vaziyat yanada murakkablashib, Kundening ishini og‘irlashtirib yuboradi.
Biroq Jyul uddalamoqda. Fransiyalik himoyachining yuksak sport formasi va o‘yinlardan keyingi qo‘shimcha mashg‘ulotlari juda ko‘p muhokamada bo‘lgan. Marhamat, Flikning e’tirozi bilan tanishing: «Unga hordiq chiqarish zarur ekanligini o‘zingiz tushuntiring. U o‘yindan keyin ham mashq qilishni istaydi. Bu noo‘rin harakat. Avval hech qachon bunday futbolchiga duch kelgan emasman».
Kunde esa bunga javoban murabbiyning boshqarish uslubi va jamoa bilan munosabatini maqtaydi: «Bosh murabbiy barcha talablarini o‘ta aniqlik bilan bizga yetkazadi. U bilan ishlaganda faqat lazzat olamiz».
Biroq ayrim kamchiliklar ham uchrab turadi. Lekin bu dadil pressing tizimi tufayli yuz beradigan jiddiy tavakkalchiliklar asorati. Ba’zida ulkan bo‘shliqni yopish uchun Kunde jismonan ulgura olmay qolgan va raqibga hujumni qanotdan davom ettirish imkoniyatini berib qo‘ygan lavhalar ham bo‘lib turadi.
Hozir Jyul ajoyib sport formasida va «Barselona»ning muhim o‘yinchisi maqomida to‘p surmoqda. Agar muvaffaqiyatning sabablarini tizimga tushirishga urinadigan bo‘lsak, bir nechta omilni alohida e’tirof etish lozim.
* Birinchisi: qachondir yangi bo‘lgan (Xavi davrida boshlangan) pozisiyaga bosqichma,bosqich moslashish;
* Ikkinchisi: yangi bosh murabbiyning g‘oyalariga qo‘shila olganligi;
* Uchinchisi: Flikning ko‘p kuch talab qiladigan uslubida muhim omil bo‘lgan yuksak sport formasi;
* To‘rtinchisi: sherigi (birinchi navbatda Yamal) bilan qanotdagi mukammal harakatlar.
Ayni pallada Kundening holati yanada rivojlanish va jamoadagi nufuzini oshirishga yetadigan darajada.
MUHAMMADSODIQ tayyorladi