Dunyodagi eng yomon ko‘rsatkichga ega futbol jamoasi Jahon chempionatiga yo‘l olishi mumkin
San-Marino terma jamoasi atigi ikkita g‘alaba bilan JCH—2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi mumkin, deb xabar beradi “Sports.kz” sayti.
Avvalroq FIFA reytingida so‘nggi, 210-o‘rinni egallab turgan jamoa sensasion tarzda Millatlar ligasida (D) o‘z guruhida g‘alaba qozongandi. Bu natija evaziga sanmarinliklar endi Yevropa jamoalari uchun 2026 yilgi Jahon chempionatiga ishtirok etish huquqini beradigan 16 ta yo‘llanmadan biriga da’vogarlik qilmoqda.
San-Marino uchun 2025 yilning mart oyida boshlanadigan saralash turnirida Millatlar Ligasining 14 ta guruh g‘oliblaridan 10 nafari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi kerak bo‘ladi.
Bu jamoalar qatoriga Ispaniya, Germaniya, Portugaliya, Fransiya, Angliya, Norvegiya, Uels, Chexiya, Ruminiya va Shvesiya kiradi. Bu jamoalar qur’a tashlash paytida birinchi va ikkinchi savatchadan joy oladi, bu esa ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri saralash orqali Jahon chempionatiga chiqishlarini osonlashtiradi.
Agar yuqoridagi barcha jamoalar JCH—2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, u holda San-Marino jamoasi Millatlar Ligasi guruhlarining boshqa g‘oliblari – Shimoliy Makedoniya, Shimoliy Irlandiya va Moldova bilan pley-off o‘yinlari orqali Jahon chempionatiga chiqish uchun kurasha oladi. Pley-off o‘yinlari 2026 yilning mart oyi oxirida bo‘lib o‘tadi. Pley-offda ikkita g‘alabaga erishgan jamoa turnirga yo‘llanma oladi.
San-Marino dunyodagi eng kichik va eng uzoq umr ko‘ruvchi davlatlardan biri hisoblanadi. U Apennin yarimorolida joylashgan va har tomondan Italiya bilan o‘ralgan. Respublika hududida (61 km²) 35 mingdan sal ko‘proq aholi istiqomat qiladi.
San-Marino terma jamoasi 1990 yildan beri FIFAning to‘liq a’zosi hisoblanadi. Jamoa o‘z tarixida 211 ta rasmiy o‘yin o‘tkazgan va ularda bor-yo‘g‘i uchtasida g‘alaba qozongan. Uch g‘alaba ham Lixtenshteyn jamoasiga qarshi o‘yinlarda qo‘lga kiritilgan. Birinchi g‘alaba 2004 yilning aprel oyida o‘rtoqlik uchrashuvida bo‘’lgan. Qolgan ikkitasi amaldagi Millatlar Ligasida sodir bo‘ldi.
Ancha vaqtdan beri San-Marino termasi FIFA reytingida eng quyi pog‘onada, ya’ni rasman dunyoning eng kuchsiz jamoasi hisoblanadi.