"Finalissima" bo‘ladimi? Skaloni javob berdi
Argentina terma jamoasi Amerika kubogini, Ispaniya terma jamoasi esa Yevropa chempionligini qo‘lga kiritdi. Endi jamoalar "Finalissima"da to‘qnash kelishlari kerak. Biroq o‘yin sanasi hali aniqlanmagan.
"Finalissima" bo‘ladimi yoki yo‘qmi, bilmayman. Menga buni jadvalga kiritish qiyinligini aytishdi. Kelgusi yilda bunday bo‘ladi deb o‘ylamayman", - dedi Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni Goal portaliga.
Taxminlarga ko‘ra, "Finalissima" Ispaniyaning Millatlar ligasidagi mavsumidan keyin 2025 yilning oktyabr yoki noyabrida o‘tkazilishi mumkin. Shu bilan birga, TyC Sports nashrining xabar berishicha, Argentina va Ispaniya terma jamoalari 2026 yilning mart oyida AQSHda o‘ynashlari mumkin. Umuman olganda, savol murakkab. Eslatib o‘tamiz, 2022 yilgi "Finalissima"da Argentina Italiyani 3:0 hisobida mag‘lub etgandi.