Futbol uchrashuvida murabbiy maydonga tushib, raqib hujumchisini yiqitdi (video)
Futbolda odatda qizil kartochkalar o‘yinchilarga maydonda qoidabuzarliklari uchun beriladi. Ba’zida murabbiylar ham maydon chetida nojo‘ya harakatlar qilsa, hakam ularni chetlatadi. Ammo murabbiyning maydon ichida qo‘pollik qilib, chetlatilishi kamdan kam uchraydigan holat hisoblanadi.
Aynan shu narsa Italiyada sodir bo‘ldi. “Pontasseve” va “Subbyano” jamoalari o‘rtasidagi oltinchi divizion o‘yinida, murabbiy Alessio Gidotti qarshi hujum paytida maydonga yugurib chiqdi va raqib hujumchisi Burezzani yiqitdi.
Voqea 45-daqiqada sodir bo‘ldi: hujumchi darvozabon bilan deyarli yakkama-yakka holatga chiqdi, aynan shuning uchun murabbiy “Pontasseve”ni gol urish uchun yaqqol imkoniyatdan mahrum qildi.
O‘yinchini yiqitgandan so‘ng, Gvidotti qo‘llarini ko‘tarib, o‘z joyiga yo‘l oldi. Hakam darhol qizil kartochka ko‘rsatib, murabbiyni chetlatdi.
Murabbiyning ushbu harakati jamoasini qutqarib qoldi, o‘yin durang natija bilan yakunlandi.
“Subbyano” klubi hozircha vaziyatga hech qanday rasmiy izoh bermadi, faqat klub “rasmiy bayonot berishdan oldin holatni baholashi” kerakligini aytdi.
Hozircha diskvalifikasiya muddati bo‘yicha ham rasmiy qaror yo‘q, biroq ijtimoiy tarmoqlardagi muxlislar allaqachon g‘azabda – ular Gvidotti uchun taqiq va “Subbyano” uchun texnik mag‘lubiyat yozilishini talab qilmoqda. Italiyaning Virgilio nashri ijtimoiy tarmoqdagi ba’zi izohlarni yig‘di:
“Men hech qachon bunday holatni ko‘rmaganman — murabbiy bir umrlik diskvalifikasiyaga loyiq”;
“Bu o‘ta sportga zid holat, bu yerda eng adolatli jazo — 2-3 yilga (murabbiyni) lisenziyadan mahrum qilish”;
“Bunday odam endi murabbiylik qilmasligi kerak”;
“U sport qadriyatlarini hurmat qilishi kerak. Jamoa uchun mag‘lubiyat yozilib, murabbiy umrbod diskvalifikasiya qilinsin”;
Italiya futboli mutasaddilaridan hozircha ushbu holatga hech qanday izoh berilmagan, shuning uchun murabbiyning taqdiri hozircha noma’lum.