O‘zbekiston va O‘FA futzal bo‘yicha FIFA Jahon chempionatini o‘tkazishga tayyor
O‘zbekiston futbol assosiasiyasi xalqaro musobaqalar o‘tkazish departamenti direktori, futzal bo‘yicha FIFA Jahon chempionati-2024 loyiha direktori Muhammad-Sodiq Sodiq-Ohunov FIFA rasmiy saytiga intervyu berdi va bunday miqyosdagi turnirni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
«O‘zbekiston sport infratuzilmasini, jumladan, zamonaviy futzal arenalari va mashg‘ulotlar majmualarini modernizasiya qilish va kengaytirish uchun sarmoya kiritdi. Ushbu investisiyalar mamlakatning futzal bo‘yicha Jahon chempionatini o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlaydi va musobaqadan keyin ushbu sport turining rivojlanishiga imkon beradi. Shuningdek, O‘FA ushbu inshootlarni kelgusidagi musobaqalar va mashg‘ulotlar uchun saqlab qolish va ulardan foydalanish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqqan», deydi Sodiq-Ohunov.
Ma’lumki, joriy yilning 14-sentyabr – 6 oktyabr kunlari mamlakatimiz mezbonlik qiladigan futzal bo‘yicha Jahon chempionatini o‘tkazish uchun O‘zbekiston futbol assosiasiyasi so‘nggi bir necha yil ichida FIFA ko‘magida keng misqyosdagi ishlarni amalga oshirdi.
Jahon futboli boshqaruv organi FIFA Forward 1.0 va FIFA Forward 2.0 dasturlari orqali Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan O‘FAning Milliy terma jamoalar markazida («Do‘stlik») maydonlar qurilishi, stadion va tribunalarni ta’mirlash hamda xalqaro uchrashuvlar uchun yetarli projektorlar o‘rnatishni moliyalashtirish orqali modernizasiya ishlari amalga oshirildi.
Hozirda xalqaro o‘yinlarni o‘tkazish va turli yoshdagi jamoalarni turar joy bilan ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘lgan Milliy terma jamoalar markazi, shuningdek, o‘rtoqlik uchrashuvlari va nazariy mashg‘ulotlar uchun ham qulayliklar taqdim etadi. FIFA va O‘FA hamkorligida yaratilgan ushbu loyiha yanada rivojlantiriladi. Bu, albatta, kelajak avlod, shuningdek futzal bilan shug‘ullanuvchi yoshlar uchun ham foydali bo‘ladi.
«O‘zbekiston futbol assosiasiyasi futzal infratuzilmasi rivojlantirish, aholining ommaviy ishtiroki va ushbu sport turidan xabardorlik ko‘lamini oshirish orqali barqaror meros qoldirish niyatida. Assosiasiya FIFA Futzal Jahon chempionatiga mezbonlik qilish orqali futzalni rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratishni, shuningdek, bu sport turining yillar davomida O‘zbekistonda mashhur bo‘lib qolishini ta’minlashni maqsad qilmoqda», deya ta’kidladi u.
Tarixiy turnir
O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi marta futzal bo‘yicha FIFA Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi 2021 yil Litvada o‘tkazilgan so‘nggi Jahon chempionatida 1/8 finalga yo‘l olgan va ushbu turnirda uchinchi bor ishtirok etmoqda.
«Biz turnirda imkon qadar uzoqqa borishni istaymiz va O‘zbekistonning nimalarga qodir ekanini jahon miqyosida namoyish etishga, futzal sportini mamlakat ichida targ‘ib qilishga va kelgusi avlod futzalchilarini ilhomlantirishga harakat qilamiz. Futzal bo‘yicha FIFA Jahon chempionatiga mezbonlik qilish sport nufuzini oshirish va O‘zbekistonning yirik xalqaro tadbirlarni tashkil etishdagi imkoniyatlarini namoyish qilishga zamin yaratadi», dedi Muhammad-Sodiq Sodiq-Ohunov.
Uning ta’kidlashicha, ayni vaqtda O‘zbekiston futbol assosiasiyasi FIFA ko‘magida ushbu musobaqani uch mezbon shaharda (Toshkent, Buxoro, Andijon) muxlislarni arenalarga yanada ko‘proq jalb etish va ularda qiziqish uyg‘otish maqsadida targ‘ibot kampaniyasini olib bormoqda.
«FIFA O‘zbekiston futbol assosiasiyasi bilan birgalikda marketing va reklama strategiyalarini amalga oshirish, turnir ko‘rimliligini oshirish uchun resurslar va tajribalarni taqdim etishda hamkorlik qilmoqda. Shuningdek, O‘FA keng qamrovli reklama kampaniyasini, jumladan, futzal seminarlari, muxlislar bilan muloqotlar va chiptalar savdosini rag‘batlantirish tadbirlarini o‘tkazmoqda», deya qo‘shimcha qildi JCH-2024 loyiha direktori.
Shuningdek, O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Xose Venansio Lopes ham tarixiy mundial, futzalga qaratilayotgan e’tibor va Jahon chempionatining ahamiyati haqida fikr bildirdi.
Meros qoldirish ahamiyati
Mahalliy muxlislar ishtiroki va meros qoldirish UFA uchun muhim yo‘nalishlardir: “FIFA Futzal Jahon chempionati natijasida sport inshootlari yaxshilanishi, yoshlar futzal dasturlari rivojlanishi hamda futzalga bo‘lgan madaniy qadriyatlarning yanada ommalashuvi kutilmoqda
O‘FA ham O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi turnirda munosib ishtirok etishiga ishonch bildirmoqda va aynan shu maqsadda tajribali murabbiy, ispaniyalik Xose Venansio Lopes jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangan.
«Uning tajribasi va erishgan yutuqlari jamoaga katta bilim va tajriba olib keladi, bu esa ularning strategik yondashuvi va o‘yin natijalarini yaxshilaydi. Uning rahbarligi esa o‘yinchilarning mahorati va ishonchini oshirishda muhim ahamiyatga ega», deydi O‘FA Xalqaro musobaqalar o‘tkazish departamenti rahbari.
Bu Venansio Lopes uchun to‘rtinchi Jahon chempionati bo‘ladi. U bir yil muqaddam futzal bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qilishdek muhim vazifa oldidan O‘zbekiston terma jamoasi boshqaruviga kelgan edi.
«Men imkon qadar dadil bo‘lishni istayman. Maqsadlarimizga erishish uchun yuqori natijalarni ko‘zlashimiz va yuqori darajada ishlashimiz talab etiladi. Jamoaning darajasini imkon qadar yaxshilash eng muhim jihatdir», deydi 2007 yildan 2018 yilgacha Ispaniya futzal terma jamoasini boshqargan va ikki karra FIFA Futzal Jahon chempionati vise-chempioni bo‘lgan mutaxassis.
Futzal elitasiga erishish
Xose Vennasio Lopesning fikricha, O‘zbekistonni futzal elitasiga olib chiqish va FIFA Futzal Jahon chempionati mezbon jamoasini boshqarish bu zavqli va mas’uliyatli vazifadir:
«Ushbu musobaqani O‘zbekistonda o‘tkazish juda muhim. Turnirni o‘z uyimizda, yuqori darajadagi tayyorgarlik bilan tashkil etish ajoyib. Bu o‘zbek sporti, O‘zbekiston futbol assosiasiyasi va mamlakat uchun burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin.
Bu katta voqelik bo‘ladi, arenalar muxlislar bilan to‘ladi va mahalliy ishqibozlar jamoamizni faol ravishda qo‘llab-quvvatlashadi. Bundan tashqari, hukumat ushbu tadbirni milliy ustuvor yo‘nalish, deb e’lon qildi, bu uning naqadar muhimligini ko‘rsatadi.
FIFA Futzal Jahon chempionatiga mezbonlik qilish O‘zbekistonda futzalga, jumladan murabbiylarga bo‘lgan munosabatni sezilarli darajada o‘zgartiradi. Yuqori darajadagi sport tadbiri ko‘proq insonlarni, ayniqsa bolalarni futzal bilan shug‘ullanishga ilhomlantiradi va ko‘chalarda ham, maktablarda ham kuchli an’ana yaratadi».