Germaniyadagi uchrashuvda 11 nafar bir xil familiyaga ega futbolchilar maydonga tushdi
Germaniyaning “Flershaym” futbol jamoasi so‘nggi uchrashuvlardan birida maydonga noodatiy tarkib bilan tushdi: barcha 11 futbolchi “Kurtanovich” familiyasida. Ushbu o‘yinchilar klub egasining qarindoshlari hisoblanadi.
O‘yin boshlang‘ich tarkibi quyidagicha edi:
Darvozabon: Haris Kurtanovich
Himoyachilar: Ajet Kurtanovich, Samir Kurtanovich, Imran Kurtanovich
Yarim himoyachilar: Amel Kurtanovich, Anes Kurtanovich, Semir Kurtanovich, Kenan Kurtanovich, Semin Kurtanovich
Hujumchilar: Bakir Kurtanovich, Ibrohim Kurtanovich.
Jamoaning eng yosh futbolchilari — 18 yoshli Amel va Imran Kurtanovich. Eng tajribali o‘yinchi esa 50 yoshli Ibrohim Kurtanovichdir. Ayni damda “Flershaym” safida 12 nafar Kurtanovich ro‘yxatga olingan.
Bu g‘ayrioddiy holat jamoaga o‘ziga xos taktika qo‘llash imkonini beradi. Murabbiy ba’zan raqiblarni chalg‘itish maqsadida Kurtanovichlarni farqli raqamlar bilan maydonga tushiradi. Shuningdek, futbolchilar o‘yin davomida faqat bosniy tilida muloqot qilishadi, bu esa raqiblarga strategiyani anglashni yanada qiyinlashtiradi. Qishda jamoaga yana uch nafar Kurtanovich qo‘shilishi kutilmoqda.
Kurtanovichlar oilasi Serbiya, Chernogoriya, Bosniya va Kosovo chegaralarida joylashgan Sanjak mintaqasidan kelib chiqqan. 1991 yilda boshlangan Yugoslaviya urushlari sababli ular asta-sekin Germaniyaga ko‘chib o‘tgan. Bugungi kunda Kurtanovichlar oilasi taxminan 150 kishidan iborat bo‘lib, ko‘pchiligida Germaniya fuqaroligi mavjud.
Hozirda “Flershaym” turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi va yuqori divizionga ko‘tarilish uchun kurashmoqda. Agar bu maqsad amalga oshsa, Kurtanovichlar katta oilaviy bayram tashkil qilish niyatida.