Van der Vart Vengriya darvozasiga gol urgan Vegxorstni qoraladi
Rafael van der Vart Vengriyaga gol urganidan keyin Vaut Vegxorstning xatti-harakatlarini qoraladi.
Shanba kuni bo‘lib o‘tgan Millatlar ligasining 5-tur uchrashuvida Niderlandiya terma jamoasi Vengriyani 4:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvning 21-daqiqasida Vegxorst penaltidan hisobni ochdi.
Birinchi bo‘lim boshida Vengriya terma jamoasi bosh murabbiyi yordamchisi Adam Salai kasal bo‘lib qolganidan so‘ng o‘yin 10 daqiqadan ko‘proq vaqtga to‘xtatildi - uni zambilda maydondan olib chiqib ketishdi va kasalxonaga olib ketishdi.
"Vegxorstni golni nishonlayotganini ko‘rganimda, o‘zimni yomon his qildim. U tushunishi kerak ediki, Vengriya terma jamoasi futbolchilari uchrashuvni davom ettirmaslik va kiyim almashtirish xonasiga bormaslik huquqiga ega edi. Lekin buning o‘rniga ular maydonda maslahatlashib, o‘yinni davom ettirishga qaror qilishdi. Bu katta hurmatga loyiq, chunki o‘sha paytda ularning hech biri vaziyat qandayligini bilmas edi.
Ular davom etishga qaror qilishdi, Niderlandiya penalti ishlab oldi, keyin Vegxorst jahon chempionati finalida g‘alaba golini urgandek bayram qila boshladi. U o‘zini ushlab turishi kerak edi", - dedi Niderlandiyaning sobiq yarim himoyachisi.