Milliy jamoalar futbolidagi eng uzun g‘alabasiz seriyalar
Ojizgina San-Marino terma jamoasi Yevropa Millatlar ligasi-2024|2025 guruh bosqichi 1-turida naq 20 yil kutilgan g‘alabani rasmiylashtirdi. Shu tariqa milliy jamoalar futboli tarixidagi eng uzun g‘alabasiz seriya uzildi. Qiziq, terma jamoalar miqyosida ko‘p qismli serial misoli davom etgan 5ta eng uzun g‘alabasiz yurish qaysi mamlakatlar vakillariga tegishli?
5-uzun seriya - Lixtenshteyn milliy jamoasi. Lixtenshteynliklar qatorasiga 42ta o‘yindan buyon g‘alaba ko‘chasiga kirolmayaptilar. Yevropaning mitti mamlakati bosh jamoasi oxirgi marta 2020 yilning oktyabr oyida g‘alaba nashidasini surgandi.
4-uzun seriya - San-Marino milliy jamoasi. San-Marinoda terma jamoaga 1990 yili asos solingan. Mitti mamlakat fuqarolari esa jamoaning ilk g‘alabasini 14 yil kutishgan. Oddiy aytganda, San-Marino termasi 2004 yilning apreligacha, ketma-ket 63ta o‘yinda g‘alaba qozonish missiyasini bajarolmagandi. Ushbu noxush seriya Lixtenshteyn termasiga qarshi kechgan o‘rtoqlik o‘yinida uzilganini qo‘shimcha qilish o‘rinli.
3-uzun seriya - Lyuksemburg milliy jamoasi. Lyuksemburgliklar 1995 yil oktyabr - 2007 yil fevral oralig‘idagi 83 o‘yindan loaqal 1tasini g‘alaba bilan tugatisholmagandi. 12 yillik g‘alabasiz yurish...
2-uzun seriya - Andorra milliy jamoasi. 86ta o‘yinni o‘z ichiga olgan yana bir uzun salbiy seriya. Andorra bosh jamoasi ushbu omadsiz sahifani 2004 yilning noyabrida ochib, 2017 yilning fevralida yopgan edi.
1-uzun seriya - San-Marino milliy jamoasi. Yana San-Marino termasi. Bu jamoa yaqinda Lixtenshteyn termasini yagona gol evaziga dog‘da qoldirishiga qadar naq 143ta o‘yinda biror raqibdan ustun kelolmagandi. Dahshatnamo seriya yoxud serial 2004 yilning aprelida boshlangan edi.