Gvardiola og‘ir damda "Siti"ni tashlab ketmoqchi emas
Pep Gvardiola "Man Siti" bilan shartnomasini 115 ta qoidabuzarlik bo‘yicha hukm chiqmaguncha uzaytirishi mumkin.
2023 yil fevralida Premyer-liga "Siti"ni 2009/10 yilgi mavsum va 2017/18 yilgi mavsum oralig‘ida moliyaviy qoidalarni buzganlikda aybladi. Tergov 2018 yilning dekabr oyidan beri davom etmoqda. Sud jarayonining natijasi 2025 yilning mart oyidan oldin ma’lum bo‘lishi mumkin.
The Athletic xabariga ko‘ra, Pep sud qarori chiqqunga qadar "Man Siti" bilan shartnomasini uzaytirishi mumkin. Manbalarning fikricha, Gvardiola "Siti" aybdor deb topilsa va klub qattiq jazoga tortilgan taqdirda ham jamoada qolishi mumkin. Murabbiy "Manchester Siti"ni zaif holatda qoldirishni istamaydi.
Qayd etilishicha, avvalroq jamoa a’zolari ispaniyalikni ketishga yaqin turganini his qilishgan, biroq so‘nggi paytlarda muhit o‘zgargan va endi shartnomani uzaytirish ehtimoli kuchaygandek ko‘rinadi. Gvardiolaning ketishi kutilayotgan taqdirda klub uning o‘rniga o‘rinbosar qidirishni boshlashi uchun yaqin orada qaror qabul qilinishi kutilmoqda.