Iturralde: "Bu penalti emas"
Sobiq hakam Eduardo Iturralde Gonsales "Atletiko" darvozasiga belgilangan penaltiga qarshi chiqdi.
Diyego Simeone shogirdlari Chempionlar ligasi umumiy bosqichi 3-turi doirasida o‘z maydonida “Lill”ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi (1:3).
74-daqiqada 1:1 hisobi qayd etilayotgan bir paytda Benjamin Andre Koke bilan to‘p uchun kurashayotganda yiqilib tushgan va italiyalik hakam Marko Guida “Atletiko” darvozasiga penalti belgiladi. Penaltini Jonatan Devid golga aylantirib, “Lill”ni oldinga olib chiqdi.
“Ko‘pchilik menga har doim penalti berish oson ish ekanini aytishardi. Lekin bu kontakt penalti berishga arzimaydi. Bu penalti emas.
Men epizodni to‘rt-besh marta ko‘rdim, hech qanday shubhali holatni ko‘rmadim. U hatto raqibga tegmadi ham.
Hammasini to‘g‘ri bajarish kerak. Hakamlarda golni aniqlaydigan barcha qurilmalar bor va ular faqat VARning oldiga borib, epizodni tomosha qilishlari kerak", — dedi sobiq hakam.