Laos: "Atletiko"ga penalti belgilagan hakamning VAR bo‘yicha tajribasi kam edi"
Antonio Mateu Laos "Atletiko Madrid"ga qarshi o‘yinda penalti vaqtida VAR aralashmaganidan hayratda qoldi.
Kecha Diyego Simeone shogirdlari Chempionlar ligasi umumiy bosqichi 3-turidan o‘rin olgan bahsda o‘z maydonida "Lill"ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi (1:3).
74-daqiqada 1:1 hisobi qayd etilayotgan bir paytda Benjamin Andre Koke bilan to‘p uchun kurashayotganda yiqilib tushdi va italiyalik hakam Marko Guida “Atletiko” darvozasiga penalti belgiladi.
11 metrlik zarbani Jonatan Devid aniq amalga oshirdi. "Atletiko" ushbu epizod yuzasidan UEFAga murojaat qildi.
“2021-yilda men noto‘g‘ri penaltini belgilagandim va bir necha soniya futbolchilarni kuzatganimdan so‘ng VAR hakamidan takroriy o‘yinni ko‘rsatishini iltimos qildim.
Bu Budapeshtdagi Yevropa chempionatida sodir bo‘ldi va buni hech qanday tarzda izohlab bo‘lmaydi. Ehtimol, u xato qilgandir, chunki u ham oddiy odam.
VAR futbolga yordam berish uchun paydo bo‘lgan. Hamkasbimning VAR bo‘yicha tajribasi kam edi. VARdagilar zudlik bilan bosh hakamga ko‘rmagan narsalarni ko‘rish imkoniyatini berishlari kerak edi" - dedi sobiq hakam.