Gvardiola: "Buni his qilmasam, nafaqat "Manchester Siti"ni tark etaman, balki murabbiylikni butunlay to‘xtataman"
"Manchester Siti" bosh murabbiyi Pep Gvardiola nega ingliz klubida uzoq vaqt ishlab kelayotgani haqidagi savolga javob berdi.
"Men ishga kelishni yaxshi ko‘raman, buni yaxshi ko‘raman! Murabbiy bo‘lishimning asosiy sababi ham shu. Buni his qilmasam, nafaqat "Manchester Siti"ni tark etaman, balki murabbiylikni butunlay to‘xtataman. Menga keyingi o‘yin haqida o‘ylash, bu haqda o‘yinchilar bilan gaplashish, videoni ko‘rsatish yoqadi", — dedi Gvardiola Sky Sports bilan suhbatda.
Eslatib o‘tamiz, Pep Gvardiolaning "Manchester Siti" bilan shartnomasi 2025 yilning yoziga qadar amal qiladi. Mutaxassis 2016 yilning yozida inglizlar jamoasini boshqargandi. Gvardiola boshchiligida “shaharliklar” tarixda ilk bor Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi. 2022/2023 yilgi mavsumda "Manchester Siti" treblni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ispaniyalik murabbiy boshqaruvida "shaharliklar" olti marta Angliya chempionligini qo‘lga kiritdi.