Joau Palinya: «Bu libosni kiyishning mas’uliyati katta»
Haqiqiy jangchi, to‘p sehrgari, jamoaviy o‘yinchi Joau Palinya «Bavariya»ning muvaffaqiyatli mavsumiga hissa qo‘shish uchun o‘z fazilatlaridan foydalanmoqchi.
Myunxen klubining «51» jurnali 29 yoshli portugaliyalik yarim himoyai bilan uchrashib, u bilan bolaligi, o‘rnak oladigan futbolchilari va Myunxendagi starti haqida suhbatlashdi.
- Joau, «Bavariya»ga bir yil oldin o‘tmoqchi edingiz. Va nihoyat, maqsadga erishdingiz. Aytingchi, Myunxenda istiqomat qilish siz uchun nimani anglatadi?
- Mening ona shahrimda bir gap bor: ba’zida poyezd ikki marta kelmaydi. Ammo bu holda poyezd ikkinchi marta keldi va eshiklar yana ochildi. Aslida buni kutmagandim va shunday ulkan klubning aloqani uzmagani ajablanarli. Bularning barchasi «Bavariya» qanday o‘ziga xos klub ekanligini va myunxenliklar menga chinakamiga ishonishlarini yana bir bor ko‘rsatdi.
- Bundesliganing Volfsburgdagi birinchi o‘yinida boshqacha ko‘rindingiz: Serj Gnabri oxirgi daqiqalarda g‘alaba golini urganida, zaxira o‘rindig‘idan maydonga otilib chiqdingiz...
- Mentalitetim shunday. Bunday paytda o‘ynashim yoki zaxirada o‘tirishim muhim emas. Biz bir jamoamiz. Bu o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishda juda ko‘p ishladik va Volfsburgda g‘alaba qozonishdan boshlashni juda xohladik. Bizni oson o‘yin kutmayotganini bilardik va «Volfsburg» 2:1 hisobida oldinga chiqib olgach, vaziyat yanada murakkablashdi. Ammo biz kurashdik va Serj, nihoyat o‘sha muhim golni urganida, xursandchiligim ichimga sig‘madi. Butun jamoa ham shunday holatda edi.
- Hamjihatlik «Bavariya»ning o‘ziga xosligida har doim katta rol o‘ynagan va bu sizga mos keladiganga o‘xshaydi.
- Ha, klubdagi oilaviy muhit menga juda mos keladi. Men uchun har doim klubda o‘zimni uydagidek his qilishim muhim edi va har biridan juda ko‘p ajoyib xotiralar qolgan. Ishonchim komilki, «Bavariya»da ham xuddi shunday bo‘ladi.
- Bolaligingizda uy va oila tuyg‘usini qanday singdirgansiz?
— Aqlga keladigan birinchi narsa - bu Lissabonda ota-onam va akam bilan qanday voyaga yetganimdir. To‘rtovlon juda yaqin munosabatlarga egamiz. Shu bilan birga uzoq bo‘lmagan oilaviy uyimiz haqida ham ko‘p o‘ylayman. Bizning oilamiz har doim u yerda mulkka ega bo‘lgan va futbol menga hammamiz uchun uy qurish imkoniyatini bergan. Men uchun bu ajoyib xotiralar bilan to‘la alohida makondir.
- Nima haqida o‘ylaysiz?
- U yerda birga o‘tkazgan vaqtimiz haqida, shu jumladan bobom va buvim bilan. Ayniqsa, bu dunyoni tark etgan bobomni darhol eslayman. U juda mohir inson edi va har qanday narsani qura olardi. Afsuski, uning texnik mahoratini meros qilib ololmadim, men hech qachon darvozabon bo‘lolmasdim (kuladi) . Men oyoqlarimni yaxshiroq boshqaraman.
- «Bavariya»da jangovar fazilatlarga ega futbolchilar yuqori baholanadi. Biz Shtefan Effenberg, Yens Yeremis, Xavi Martines haqida o‘ylaymiz...
- Sizga shuni aytishim kerakki, men hech qachon unutmaydigan bir voqea bo‘lgan: yoshlar terma jamoasi tarkibida AQSHga qarshi o‘yindan so‘ng, adashmasam, bu U-17 yoki U-18 jamoasi edi. Raqib murabbiyi yonimga kelib: «Sen keyingi Xavi Martinessan», degandi. Albatta, men Xavi kimligini va u «Bavariya»da nimalarga erishganini bilardim, lekin keyin uning o‘yinlarini ko‘rib, yanada diqqatliroq kuzatadigan bo‘ldim. U bilan taqqoslashganidan xursand bo‘lardim, lekin hech qachon uning harakatlariga taqlid qilishni xohlamaganman. U Xavi, men esa Joauman.
- Bolaligingizda keyingi Krishtianu Ronaldu bo‘lishni orzu qilmadingizmi? Xo‘sh, to‘pni silaydigan, dribling qiladigan va gol uradigan...
- Shunday tug‘ma ustunliklarim borki, men nisbatan baland bo‘yli, jismonan kuchliman. Ammo muhimi shundaki, siz o‘zingizni jamoaning muvaffaqiyatiga maydonda qanday hissa qo‘shishingiz mumkinligini ichingizda his qilasiz. Har birimizning o‘z ishimiz bor. Vaziyatlarni yaratadigan va gol uradigan o‘yinchilar bor va men ham shunday qilishga harakat qilaman. Ammo sizga raqibning gol urishiga to‘sqinlik qiladigan o‘yinchilar ham kerak. Mening vazifam kerakli muvozanatni ta’minlashdir.
- «Bavariya»dan umidlar doimo yuqori bo‘ladi. Siz bosimni his qilyapsizmi?
- «Bavariya» meni qo‘lga kiritish uchun ikki marta harakat qildi. Demak, endi men bu klub uchun mas’uliyatni o‘z zimmamga olishim va muhim o‘yinchi bo‘lishim kerak. Klub menga qancha pul sarflagani yoki natijada qanday umidlar borligiga ahamiyat bermayman. Men maydonda nima qila olishimga e’tibor qarataman. Hozir men shu yerdaman va har bir mashg‘ulotda, har bir o‘yinda qo‘limdan kelganini qilaman. Butun faoliyatim mobaynida shunday qilganman.
- Bu yerga kelguningizgacha faoliyatingizda hech qachon «Bavariya» bilan yo‘llaringiz kesishmagan ekan. Klubni masofadan qanday qabul qildingiz?
- «Bavariya» so‘zini eshitganingizda, birinchi navbatda hurmatni his qilasiz. Futbolda bu nom nimani anglatishini hamma biladi. Bu kuch va an’analarga to‘la dunyodagi eng yaxshi futbol klublaridan biri. «Bavariya» uni eng yaxshi klubga aylantiradigan hamma narsaga ega: ajoyib o‘yinchilar, sovrinlarga to‘la tarix, ishtiyoqli muxlislar, top-menejment, «Alyans Arena», kampus... ajoyib infratuzilma. Ushbu libosni kiyish katta mas’uliyatni anglatadi.
- «Bavariya»da sizgacha bir nechta portugaliyalik futbolchilar o‘ynashgan. Ko‘chib o‘tishdan oldin ular bilan gaplashdingizmi va ular sizga Myunxen, «Bavariya» haqida nima deyishdi?
- Men Joau Kanselu va Renatu Sanchesh bilan gaplashdim va ikkalasi ham menga bir xil narsani aytishdi: Myunxenda o‘zlarini juda qulay his qilishganini, «Bavariya»da o‘ynashni yoqtirishini. Menga bu yoqdi va qarorimni tasdiqladi.
MUHAMMADXON tayyorladi