"River Pleyt" - eng sermuxlis klub!
Hozircha Amerika kubogi va Yevropa chempionati g‘oliblari - Argentina hamda Ispaniya milliy jamoalari o‘rtasida bo‘lishi ko‘zda tutilgan o‘yin (Finalissima)ning sanasi ham, rejasi ham mavhum.
Hattoki, qit’alararo jangning bo‘lish-bo‘lmasligi ham noma’lum. Lekin Argentina tomoni o‘z variantini ilgari surgani haqida xabarlar yo‘q emas. Unga ko‘ra, Janubiy amerikaliklar italyanlarni «Monumental» arenasida qabul qilishga tayyorlar. Gap «River Pleyt» klubining sig‘imi 84,5 mingga teng uy stadion haqida ketmoqda. Boshqacha ta’riflasak, «Monumental» sayyoramizda eng ko‘p muxlis to‘playotgan stadiondir. Shuningdek, u sig‘imi bo‘yicha Janubiy Amerikada 1-o‘rinda turadi.
Ha, hayron qolmang, «River Pleyt» o‘yinlariga hattoki, Dortmund «Borussiya»si bahslariga nisbatan ham ko‘proq muxlis tashrif buyuradi. Darhaqiqat, ko‘pchilik «Signal Iduna Park»ni eng ko‘p muxlis to‘playdigan arena sifatida biladi. Ammo bunday emas ekan. Qisqasi, muxlislarning o‘rtacha tashrifi bo‘yicha kuchli 10ta stadionning 8tasi Yevropada joylashgan bo‘lsada, yetakchilik Janubiy Amerika futboli vakili tomonida. «Monumental» arenasining rasmiy hujjatlarda ko‘rsatilgan sig‘imi - 84567. Diqqat qiling, bu «doshqozon» deyarli hamisha 100 foiz to‘ladi! Har holda, mavsum-2023/2024da eng ko‘p muxlis to‘plagan arenalar ro‘yxatida qayd etilgan raqamlar shundan dalolat bermoqda. Dortmund «Borussiya»si esa reytingning 2-qatorida, albatta. Diqqatga sazovor tomoni, avvalgi mavsum o‘rtacha hisobda eng ko‘p muxlis jalb etgan 10ta klubning 8tasi Yevropa va 1tasi Janubiy Amerika vakili bo‘lsa, yana biri Osiyodan - «Traktorsozi» (Eron). Ushbu jamoa Tabrizda joylashgan «Yodgori Imom» arenasida o‘ynaydi.
Qo‘shimcha ma’lumot berilishicha, oxirgi 2 yil ichida «River Pleyt»ning atigi 2ta uy uchrashuvida «Monumental» tribunalari liq to‘lmagan, xolos. Aniqroq aytsak, 2023 yilning fevralida bo‘lgan «Arsenal Sarandi»ga qarshi bahsni 82 ming muxlis kuzatgan bo‘lsa, noyabr oyida «Instituto» bilan o‘yinga «atigi» 50 ming kishi tushgan. Buning sababi shuki, oxirgi turdan o‘rin olgan ushbu uchrashuv amalda hech narsani hal qilmasdi. Yana bir katta fakt: «River Pleyt» butun o‘tgan mavsum davomida autsayderlar qatorida yurdi, shunga qaramay, jonkuyar muxlislar jamoani sira yolg‘izlatib qo‘yishmadi. Ko‘pchilik Argentinada katta mavqega ega «Boka Xuniors»ning kuchli 10talikda emasligidan hayron qolishi mumkin. Bunda hammasi oddiy: jamoaning uy arenasi - «Bombonera» 57 ming muxlisga mo‘ljallangan. Xullas, «Boka» har doim tribunalari to‘la arenada o‘ynaydi, ammo uning sig‘imi tarixiy raqib - «River Pleyt» stadionikidan ancha kam.
Aytish kerak, «Monumental» - buyuk stadion! Uning birinchi chizmalari 1936 yili paydo bo‘lgan ekan. O‘shanda klubning afsonaviy prezidenti Antonio Vespuchio Liberti stadion uchun Belgrano tumanidan yer hududi sotib olgan. Hududning qolgan qismi esa Buenos-Ayres shahar munisipaliteti tomonidan sovg‘a sifatida berilgan. Oradan atigi 2 yil o‘tgach, asosiy qurilish ishlari yakuniga yetadi va Urugvayning «Penyarol» klubiga qarshi kechgan ochilish o‘yiniga 120 ming (!!!) muxlis tushadi. Ha, ha, o‘sha payt stadion sig‘imi ancha baland edi. Darvoqe, «River Pleyt» ulkan arenadagi ilk o‘yinni 3:1 hisobida o‘z foydasiga hal qilib, 120 ming muxlisga munosib javob bergan. 1958 yilga kelibgina «Monumental» to‘liq qurib bitkaziladi. Bunga klub prezidenti Enrike Pardo davrida Omar Sivori transferi uchun «Yuventus»dan 10 million peso olingani imkon bergandi. 1978 yilgi Argentina mundiali oldidan stadionlarni modernizasiya qilish uchun katta mablag‘ ajratiladi. Jumladan, «Monumental»da ham keng ko‘lamli ishlar olib boriladi. Xullas, «River»ga to‘liq rekonstrusiya uchun kredit beriladi va arena sig‘imi 85 mingga tushiriladi. Shundan keyin ham «Monumental» tez-tez o‘zgartirildi: sig‘imi goho oshirildi, goho kamaytirildi. Oxirgi rekonstruksiya ishlari esa 2023 yili olib borildi.
A.AHMEDOV tayyorladi