Nigeriya terma jamoasi Liviyadan eson-omon uyiga qaytdi
Nigeriya terma jamoasi aeroportdagi kechikish hodisasidan keyin Liviyadan uyiga qaytdi.
Jamoalar 15 oktyabr, seshanba kuni Afrika kubogi saralash turnirida to‘qnash kelishlari kerak edi.
Uchrashuv Beng‘ozida bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq Nigeriya jamoasining samolyoti o‘yin o‘tkaziladigan joydan ikki soatcha uzoqlikda joylashgan Al Abraq aeroportiga yo‘naltirildi.
U yerda Nigeriya terma jamoasi futbolchilari 12 soatni ovqat va ichimliksiz o‘tkazdilar. Jamoa shuningdek, mezbon davlat ularni transport bilan ta’minlamaganidan shikoyat qildi.
Nigeriya sport vazirligi futbolchilarning «garovga olinganini» ma’lum qildi. Liviya futbol federasiyasi xavfsizlik protokollariga rioya qilinishini ta’kidladi.
Jamoa dushanba kuni Nigeriyaga qaytdi. U avvalroq ushbu voqea tufayli Liviya terma jamoasi bilan o‘ynashdan bosh tortgan edi.
Afrika futbol konfederasiyasining bu holatga munosabati hozircha ma’lum qilinmagan.
«Biz uyga sog‘-salomat qaytdik. Men jamoada 10 yil davomida juda ko‘p narsalarni ko‘rganman, lekin bungacha hech qachon duch kelmaganman.
Hech kimga bunday yomon munosabatda bo‘lish kerak emas. Futbol hurmatdan iborat va u o‘zingni hurmat qilishdan boshlanadi», - deydi nigeriyalik himoyachi Uilyam Trost-Ekong.