Nigeriya jamoasi 12 soat davomida Liviyadagi tashlandiq aeroportda suvsiz, ovqatsiz qolib ketdi
Futbol bo‘yicha Afrika Millatlar Kubogi saralashidan o‘rin olgan Liviyaga qarshi safar uchrashuvi oldidan Nigeriya qiyinchiliklarga duch keldi.
Jamoa o‘yinga uchib ketayotgan edi. Manzilga qo‘nish oldidan samolyot zudlik bilan boshqa aeroportga yo‘naltirilgan.
Mezbon jamoa kerakli transport taqdim qilmagan va Nigeriya milliy jamoasi aeroportda ovqat va suvsiz qolib ketgan. Shuningdek, yaqin atrofdagi mehmonxonalarda uxlash imkoniyati ham bo‘lmagan, chunki ularga nigeriyaliklarni joylashtirish taqiqlangan.
Jamoa sardori buni sharmandalik deb atadi va jamoa o‘yinni o‘tkazmaslikka qaror qilganini aytdi. Biroq bosh murabbiy o‘ynashga tayyor va Afrikada bundan ham yomonroq narsalarni ko‘rganini aytgan.
E’tiborlisi, shu kuni Nigeriya uchun ruxsat berilmagan aeroportga Sudan va Gana terma jamoalari qo‘ngan.
Nigeriya Liviyani oson ochko olish uchun o‘yinni buzishda ayblasa, liviyaliklarning aytishicha, aynan nigeriyaliklar birinchi bo‘lib, bir necha kun oldin ularni yomon qabul qilgan va ularni ham aeroportda bir necha soat qolib ketishga majbur qilgan.
Eagle Online nashrining xabar berishicha, Nigeriya futbol federasiyasi Afrika futbol konfederasiyasini uchrashuvga safar paytida yuzaga kelgan mojaro va saralash o‘yinini boykot qilish qarori haqida xabardor qilgan.