Eronlik futbolchi jarimaga tortildi
Eron futbol federasiyasining Etika qo‘mitasi “Istiqlol” himoyachisi Ramin Rizoyanni sportchiga xos bo‘lmagan xatti-harakatlari uchun 510 million Eron riali (12 000 dollardan ortiq) miqdorida jarimaga tortdi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, voqea 26 dekabr kuni Eron chempionatining “Chadormalu”ga qarshi o‘yinidan oldin sodir bo‘lgan: muxlislardan biri “Istiqlol” klubi avtobusiga kirib, Rizoyanni quchoqlagan. U esa nomaqbul harakatlar qilgan.
Shundan so‘ng Eron futbol federasiyasining Etika qo‘mitasi Rezayanni yig‘ilishga chaqirib, voqea holatlariga oydinlik kiritdi. Uchrashuv natijasiga ko‘ra, futbolchiga "sportga xos bo‘lmagan xatti-harakati" uchun 510 million Eron riali miqdorida jarima shaklida sanksiyalar qo‘llanildi.
Rizoyan 34 yoshda. U Eron terma jamoasi safida 63 ta o‘yin o‘tkazgan, 2018 yilda Rossiyada va 2022 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatlarida ishtirok etgan.
Futbolchi Yevropada Turkiyaning “Rizespor” va Belgiyaning “Ostenda” klublarida o‘ynagan.