Mavritaniya chempionati yetakchisi - Sudan klubi!
«Al-Hilol» (Neymar to‘p suradigan jamoa bilan adashtirib qo‘ymang) va «Al-Mirrix» klublar jori mavsumni Mavritaniya chempionatida o‘tkazishmoqda.
«Al-Hilol» - turnir peshqadami. Biroq nima uchun bu ikki jamoa Sudandan 5000 chaqirim uzoqlikdagi mamlakat ligasida to‘p surishga majbur bo‘ldi?
Sudanda nimalar yuz bermoqda?
2023 yildan beri 40 millionli aholiga ega bu o‘lkada XXI asrdagi eng shafqatsiz mojarosiga aylangan fuqarolar urushi avjiga chiqmoqda. Hammasi 2019 yilda, Tezkor nazorat kuchlari (TNK - 2000-yillardaarablarga qarshi isyonchilarni nazorat qilgan hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilot) muntazam armiyaga birlashgan holda prezident Omar al Bashirga qarshi bosh ko‘tarishidan boshlangandi. Prezidentning 26 yillik hukmronligi harbiy to‘ntarish bilan nihoyasiga yetgan.
Garchi Sudan muvaqqat hukumat ixtiyoriga o‘tgan bo‘lsada, TNK bilan muntazam armiya mutasaddilari 4 yildan beri qaysi sohalar harbiylar nazorati ostida bo‘lishi, qaysilari fuqarolik boshqaruvi tasarrufida bo‘lishi xususida bir to‘xtamga kela olmadilar. Bir yildan ko‘proq vaqtdan beri urush to‘xtovsiz davom etmoqda. Unda halok bo‘lganlar soni 12000ga yetdi, qariyb 2 mln. kishi boshqa davlatlarga, yana 8 mln. kishi mamlakatning xavfsiz hududlariga ko‘chib ketishdi. BMT Sudanda keng qamrovli inqirozni qayd etdi: mamlakatdagi shifoxonalar faoliyati deyarli to‘xtab qolgan, shafqatsiz urush domiga tushib qolgan Darfur shahrining chetga chiqishga ulgurmagan aholisi ocharchilik azobini tortmoqda. Bundan tashqari, TNK tomonidan 2000-yillarda al Bashir tuzumiga qarshi qurolli qarshilik ko‘rsatgan mahalliy xalqlarni ommaviy qirg‘in qilingani qayd etildi.
Sulh tuzish haqidagi so‘nggi muzokaralar shu yilning avgustida Jeneva shahrida o‘tkazildi. Biroq mojaroga aloqador tomonlarning birortasi unga o‘z vakillarini jo‘natgani yo‘q.
Nima uchun aynan Mavritaniya Sudan klublarini o‘z chempionatiga qabul qildi?
Dastavval «Al-Hilol» Tanzaniya (Sudandan 2000 chaqirim uzoqlikda) chempionatida o‘ynashni mo‘ljallagandi. Lekin bu reja amalga oshmadi. Ehtimol, mahalliy liga xorijiy klub o‘yinlarini rasmiy uchrashuv sifatida qabul qilishni istamagan bo‘lishi mumkin. Sudanliklar bu borada Uganda va Liviyaga ham murojaat qilgan edilar.
Mavritaniya ligasi esa umumiy jadval yuritishga rozilik bildirdi, lekin bitta shart bilan: musobaqada dastlabki ikki o‘rinni egallagan mahalliy klublar eng yaxshi jamoa maqomida tan olinib, afrokubok musobaqalarida ishtirok etadilar. Sudanning ikki jamoasidan eng yaxshi natijaga erishgani esa ACHL yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Darvoqe, qit’aning nufuzli klub turniri doirasida «Al-Hilol» urush yillarida Marokash, Tanzaniya va Liviyada, «Al-Mirrix» Ugandada maydonga tushgandi.
Milliy chempionatning g‘ayrioddiy formatini AFF uzoq o‘ylab o‘tirmasdan ma’qulladi. Mavritaniya barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga oldi: «Al-Hilol» va «Al-Mirrix»ning mamlakatda istiqomat qilishi, harakatlanishi va yig‘inlarni tashkil etishi mahalliy byudjet hisobidan bo‘ladi. Shuningdek, sudanlik o‘yinchilar Mavritaniya klublari uchun legionerlar, deb hisoblanmaydilar.
Norozilar ko‘pchilik - har ikki mamlakatda ham
Sudandagi muxlislar va ayrim futbolchilar yetakchi klublarning Mavritaniya chempionatida ishtirok etishiga qarshi chiqdilar - u yerda futbolning saviyasi o‘ta past darajada. Boshqa tomondan olganda, mahalliy muxlislar ham qochoq klublarni mamnuniyat bilan kutib olishmadi: ularning fikricha, yaqinda rivojlanish yo‘liga o‘tgan chempionatning (masalan, shu mavsumda VAR paydo bo‘ldi) zaifligini ta’kidlaydi.
Mazkur gap-so‘zlardan keyin «Al-Mirrix» fanatlari uzr-ma’zurlarini bayon etdilar: «Sudan klublarining ayrim uchrashuvlardagi ustunligi futbolchilarimizning individual va jamoaviy tajribasi hamda mahorati bilan bog‘liq. Bu esa mavritaniyalik o‘yinchilar yoki jamoalarning saviyalari pastligini anglatmaydi».
Ortda qolgan 7 turdan keyin «Al-Hilol» 17 ochko bilan turnir jadvalini boshqarib bormoqda, to‘plar nisbati - 15:2. «Al-Mirrix» esa 4 o‘yinda 7 ochko va aynan «Al-Hilol»dan mag‘lubiyatni qabul qilgan holda 11-pog‘onani band etgan. Shu tariqa Mavritaniya klublari sudanlik kasbdoshlari bilan 11ta uchrashuvda 3 marta durangga imzo chekdilar.
Sudandagi boshqa klublar qanday hayot kechirishmoqda?
Hech qanday. «Al-Mirrix» murabbiyi Sudanning faqat 2ta klubi moliyaviy jihatdan barqaror ekanligini e’tirof etdi. Qolgan jamoalar tarqalib ketishdi. Futbolchilarning ko‘pchiligi o‘zga mamlakatlarga yo‘l olishdi - futbolsiz pul ishlash maqsadida. Lekin ayrim o‘yinchilar sudanliklarni legioner deb hisoblamaydigan Liviya klublariga o‘tib ketdilar.
Nima uchun Sudan klublari Janubiy Sudan chempionatiga o‘tmadilar?
Sudanning qo‘shnisi - jahonning eng navqiron mamlakati - 2011 yilda mustaqillikka erishgan. Janubiy Sudan so‘nggi 13 yilning 7 yilini 2020 yilda nihoyasiga yetgan fuqarolar urushi bilan o‘tkazgan, asta-sekin barqarorlikka erishmoqda. Lekin ayni pallada farovonlikdan ancha yiroqda: ommaviy ocharchilik davrini boshdan kechirdi, dastlabki saylovlar esa muntazam ravishda ortga surilmoqda. Bu ikki qo‘shni mamlakatning o‘zaro o‘ta keskin munosabatdalar, bir-birlarining hududlaridagi isyonchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlaydilar, shuningdek, neft konlari xususida tortishadilar. Lekin aynan Sudan birinchi bo‘lib Janubiy Sudanning mustaqilligini tan oldi.
Aytgancha, Janubiy Sudan ham o‘z chempionatiga ega. Unda 24ta jamoa guruhlarga bo‘lingan holda chempionatda ishtirok etadi. Biroq Sudan grandlari qo‘shni mamlakatda to‘p surish uchun ariza berishmadi - balki ular xavfsizlik uchun shunday qilishgandir. 1-2 marta ular ACHL uchrashuvlarini Janubiy Sudanda o‘tkazishdi, lekin doimiy ishtirokka jur’at etishmadi.
S.RAHMONOV tayyorladi