Top-5 chempionatlarda mavsum kashfiyotlari
Jahondagi eng tomoshabop, shiddatli va mashhur futbol ligalari - APL, «A» Seriya, La Liga, Liga 1ning joriy mavsumi o‘zgacha start oldi.
Ayniqsa, favoritlar borasida. Ularning joriy mavsum sovrin uchun kurashishini hech kim kutmagandi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Demak, joriy mavsum startida top-ligalardagi yorqin futbol namoyish etayotgan, eng yaxshi natijaga da’vo qilayotgan klublar bilan tanishamiz...
«Napoli»
Antonio Konte o‘zining yuksak malakasi va nufuzini to‘la-to‘kis oqlamoqda. Uning qaysi jamoada ekanligi chempionlik uchun kurashni kafolatlaydi. Antonio «Yuventus»ning gegemonligini qo‘llab-quvvatladi, «Chelsi»ga sovrin olib berdi va biz hozir ko‘rib turgan shiddatkor «Inter»ni shakllantirdi. Yozda Konte yangi jamoani tiklashga kirishdi.
Kontedan avvalgi «Napoli» - Spalletti davridagi chempionlik zavqi bilan yashayotgan va murabbiylarni qo‘lqopdek almashtirayotgan jamoa. Aurelio De Laurentis bu injiq mutaxassisni yorqin kelajak umidida taklif etdi. Avvalgi mavsumda barchaning hafsalasini pir qilgan jamoa endi «A» seriyasi peshqadami. Startdagi durang va 2 mag‘lubiyat ortidan 8ta g‘alaba va durang. Shu davr ichida jamoa «Yuve» bilan bitimga imzo chekdi, «Milan»ni mahv etdi. «Atalanta»ga boy berilgan imkoniyat kayfiyatni buzgan bo‘lsada, «Inter»dan ochko tortib oldi. qolaversa, bergamoliklar hozir chempionatning bezagi maqomidalar.
«Atalanta»
Ro‘yxatimizda Italiya klublari ko‘p, «A» seriyasida peshqadamlik uchun ayovsiz qirg‘in ketmoqda. Gasperini bandasi - eng faol ishtirokchilardan biri. Albatta, Bergamo jamoasini mavsum kashfiyoti, deyish noo‘rin. Lekin ro‘yxatdan joy olishiga 2ta sabab bor. Birinchidan, Gasperini loyihasining puxtaligi. «Atalanta» - kamtarona resursga ega bo‘lgan mo‘’jazgina shaharcha jamoasi. U 2010-yillar oxiri, 2020-yillar avvalida cho‘qqiga ko‘tarildi - qatorasiga 3 mavsumni sovrindor uchlikda yakunladi. Keyin 8 va 6-o‘rinlar bilan kifoyalandi. Lekin «Atalanta» pullarni sochib tashlash imkoniyatiga ega emas, Gasperini esa o‘ta talabchan, shafqatsiz murabbiy. Vaziyat loyihaning asta-sekin yakuniga yetishidan dalolat berayotgandi. Biroq o‘tgan mavsumda bergamoliklar YELda zafar quchib, katta shov-shuvga sabab bo‘lishdi, endi chempionlikka da’vo qilishmoqda.
«Fiorentina»
Vinchenso Italyanoning Florensiyadagi faoliyati yuksak baholarga sazovor bo‘ldi - kamtarin jamoa YEKLda muntazam ishtirok etdi, hatto g‘oliblikka da’vogar bo‘ldi. Murabbiy «Bolonya»ga yo‘l olgach, jamoa o‘yiniga putur yetadigandek tuyulgandi. Lekin Raffaele Palladino «binafsharanglilar»ni bir oz silkitib, yanada yuqoriga olib chiqdi.
Hozirga qadar «Fiorentina» «Lasio» va «Milan»dan ustun keldi, «Roma»ni yanchib tashladi. Qo‘shimchasiga, YEKLda ishonch bilan odimlamoqda. «A» seriyasidagi 3-o‘rin esa xavotirli emas, yetakchi bilan o‘rtadagi farq atigi 1 ochko.
«Lasio»
Sarrining klubdan ketishi achinarli bo‘ldi. Bozorda unga sal ko‘proq imkoniyat berilganida, ishlar qantdek bo‘lishi mumkin edi. Tudorning qismati yanada achinarli. Xorvatiyalik mutaxassis rimliklarni mahkam ushlab, yevrokubok musobaqalariga olib chiqqandi. Biroq kamtarin jamoaning prezidenti mavsum yakunida murabbiy bilan xayrlashishni lozim topdi.
Tudor o‘rniga top-klublarda ish tajribasi bo‘lmagan va kuchli bosim ostidagi Marko Baronini olib kelishdi. Vaholanki, jamoa odatiy transfer siyosatidan voz kechmadi - yangi murabbiy talabiga mos ommaviy xaridlarga qo‘l urmadi. Lekin Baroni mavjud resurslardan unumli foydalanib, «Lasio» bilan 5-pog‘onada bormoqda, ochkolari «Inter», «Fiorentina» va «Atalanta»niki bilan bir xil. Qisqasi, «Burgutlar» ortiqcha xarajatlarsiz tiklanib olishdi.
«Barselona»
Kataloniya grandi moliyaviy inqiroz girdobida. Uning ta’sirida jamoa o‘chib qolishi kutilgandi. Axir u o‘tgan mavsumni xavf-xatardan forig‘ bo‘lish uchun kurashga bag‘ishladi. Buni qarangki, Xavidan keyin ham rivojlanish mumkin ekan.
Flik jamoani shiddatli uslubda o‘ynashga majbur etdi, Levandovski ikkinchi navqironlik davriga qaytdi, Yamal superyulduz maqomiga ko‘tarildi, Rafinya top-darajada to‘p sura boshladi. Qo‘shimchasiga, Olmo paydo bo‘ldi. Bu faqat hujumga oid siljishlar. «Blaugrana» qayta tug‘ilganligiga ishontirmoqda. Chunki, sezilarli pasayish nafaqat «Valyadolid» va «Jirona»da, balki «Bavariya» va «Real»dek titanlarda ham yaqqol sezilmoqda.
La Ligadagi peshqadamlik, YECHLdagi muvaffaqiyatli ishtirok - «Barsa» bularning barchasiga «Real» Mbappe va boshqa yulduzlari bilan o‘z gegemoniyasini o‘rnatishi taxmin qilingan pallada erishmoqda.
«Liverpul»
«Qizillar»dagi ajoyib o‘rindoshlik tarixi va shedevr parvoz hech kimni befarq qoldirmasligiga aslo shubha yo‘q. Bunaqa voqea millionda bitta bo‘ladi. O‘ta og‘ir inqirozni boshdan kechirgan Klopp klubni yorug‘likka olib chiqqan, ishonchli o‘zakni topgan va avlodlar almashuvini amalga oshirgandi. Faqat shundan keyin o‘z burchini ado etganiga ishonch hosil qilib, klubni tark etgandi.
«Liverpul» APLda yetakchi. «Arsenal» jarohatlar tufayli inqiroz holatida, «Siti»ning o‘yini umuman, qovushmayapti. «Qizillar» esa liga favoritlari. Ikki yil avvalgi omadsizlik va Klopp ketganidan keyin 6 oy o‘tgach.
«Brayton»
«Chaykalar»da ham shunga o‘xshash voqea. Ular ham hayratlanarli natijalarga erishgan mutaxassisdan judo bo‘lishdi va sinalmagan o‘rindoshni (Xyurselar - APLdagi eng yosh murabbiy) qabul qilishdi. Aslida, jamoaning o‘zi ham keyinchalik sotib yuborishga mo‘ljallangan yosh iqtidorlar jamlangan. Ana shu navqironlar birdaniga grandlar qo‘rqita boshladilar. Avvaliga ten Xagning «MYU»sini xatolari uchun jazolashdi, keyin «Arsenal»dan ochko olishdi va sensasion tarzda «Tottenxem» va «Manchester Siti»ni mahv etishdi. Faqat «Liverpul» va «Chelsi» «Brayton»ga imkoniyat berishmadi. Juda ajoyib.
«Marsel»
Muxlislar klub rahbariyatiga tahdid qilishdi, Tudor 2022|23 yillar mavsumidagi bronzadan keyin tezda «quyon» bo‘ldi, jamoa yil davomida azob chekdi. Endi Roberto De Zerbi vayron bo‘lgan jamoani qaytadan tiklashga keldi.
«Marsel» qiziqarli yo‘lni tanladi: o‘z tarkibiga obro‘-e’tibori shubhali bo‘lgan yoki saviyasi pasaya boshlagan, ya’ni, «skidka bo‘yicha» sotiladigan futbolchilarni xarid qiladigan bo‘ldi. 11-turdan keyin 8ta gol bilan Liga 1 to‘purarlari ro‘yxatida 2-o‘rinda borayotgan Meyson Grinvud shu yo‘sinda «Marsel»ga keldi.
Sodiq SOBIR tayyorladi