Homiy logotipi ortiqcha...
«Aston Villa» majburiy tarzda o‘z futbolkasidan homiy logotipini olib tashladi.
Nega? Gap shundaki, Yevropaning aksar mamlakatlarida yangi qonun kuchga kirdi. Unga ko‘ra, 21 yoshgacha bo‘lgan sportchilarni qimor o‘yinlari reklamasiga jalb etish mumkin emas. Qoyil!
«Aston Villa» futbolkalarida Betano bukmekerlik kompaniyasi logotipi bor. Xullas, Unai Emeri jamoasi yangi qonunga muvofiq, CHLdan o‘rin olgan «Bryugge» bilan o‘yin (0:1) oldidan kichik muammoga duch keldi. Muhimi, klub rahbariyati bunga tezda yechim topdi. Ya’ni ikki futbolchi shunchaki, maydonga Betano logotipi bosilmagan formada tushdi. Aks holda, klubning ma’lum miqdorda jarima to‘lashiga to‘g‘ri kelardi.
Xullas, yosh cheklovi bo‘yicha Kosta Nedelkovich (18 yosh) va Jon Duran (20 yosh) sof oq futbolkada harakatlanishdi. «Aston Villa»ning qolgan futbolchilari esa odatiy formada to‘p surishdi. Ehtimol, bu qonun bukmekerlik kontoralari faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatolmas, ammo yoshlarni qimor o‘yinlariga bog‘liq ishlardan yiroq tutish harakati tahsinga sazovor, baribir.
AYTGANCHA...
Yevrofutbolda qimor o‘yinlari targ‘ibotiga qarshi kurash boshlangan bir pallada alkogol ichimliklari reklamasi ko‘paymoqda. Deylik, Ukrainaning Nemiroff brendi yaqinda «Vest Xem» bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Ushbu kompaniya bunga qadar aynan «Aston Villa» bilan ham shartnoma tuzgan edi.