Transfermarkt talqini bo‘yicha narxi eng yuqoriga ko‘tarilgan futbolchilar
Germaniyada faoliyat yuritadigan transfermarkt portali asosan muntazam ravishda futbolchilarning bozor bahosini shakllantirish bilan shug‘ullanadi.
Ma’lumki, Neymar transfer summasi bo‘yicha jahon futboli tarixida eng qimmatbaho futbolchi hisoblanadi - «PSJ» braziliyalik yulduz uchun «Barselona»ga 222 million yevro to‘lagan. Biroq transfermarkt Neymar huquqini hech qachon bu qadar yuqori baholagan emas. Germaniya portali talqini bo‘yicha aytsak, «Al-Hilol» yulduzi kuchli 10talikda ham yo‘q. Xo‘sh, transfermarkt eng yuqori bahoni kimlarga qo‘ygan? Top-ro‘yxatda hatto Eden Azar ham bor.
150 million yevro
«Manchester Siti»ning hujumkor yarim himoyachisi Filip Foden 150 mln. yevro marrasini joriy yil zabt etdi. Eslatma, u hozir 24 yoshda. Eden Azar va Antuan Grizmann esa bu summani 2018 yili «bo‘ysindirishgandi». O‘shanda har ikki futbolchi 27 yoshda edi. Transfer qiymati 150 «limon»ga ko‘tarilgan yana bir futbolchi - bu Sadio Mane. Senegallik hujumchiga 2019 yilda shuncha narx qo‘yilgandi.
160 million yevro
Yaqinda «Arsenal»dan qo‘nim topgan Rahim Sterlingning eng yuqori ko‘rsatkichi - 160 mln. yevro. Angliyalik futbolchi ushbu marrani 2019 yili «Chelsi»da «bosgandi».
180 million yevro
Transfermarkt zamonamizning aksariyat top-futbolchilari huquqini aynan 180 million yevrogacha ko‘targan. Xususan, afsonaviy Lionel Messi, shuningdek, Erling Xoland, Jud Bellingem va Vinisius Juniorning transfer qiymati shu nuqtaga yetgan. Argentinalik dahocha bu summaga 2018 yili loyiq topilgan bo‘lsa, qolganlar uning ko‘rsatkichini yaqin orada takrorlashdi.
200 million yevro
Transfermarkt tarixda atigi bir futbolchi transferini 200 million yevroga munosib ko‘rgan — Kilian Mbappe. Fransiya milliy jamoasi va «Real» klubi futbolchisi bu dovonni 2018 yili atigi 19 yoshida zabt etdi. U o‘sha vaqt «PSJ» safida o‘ynardi.