Nikolo Savona: "O‘zligimni saqlab qolishim muhim"
Joriy mavsum arafasida yoshargan va taktik chizmasi o‘zgargan «Yuventus» o‘yinida yangi bosh murabbiy Tyago Mottaning «imzo»si yaqqol sezilmoqda.
Deylik, yaqin o‘tmishning mohir yarim himoyachilaridan biri katta sahnani hech ikkilanmay yoshlarga topshirdi. Oddiy misol, endigina 21 yoshini qarshi olgan himoyachi Nikolo Savona hozirda «keksa sinyora»ning o‘ng qanotini to‘liq o‘ziniki qildi, hisob. Yosh yigitcha bo‘ yo‘lda kimsan Daniloni zaxiraga o‘tqizib qo‘ydi. Iqtidorli himoyachining dadil harakatlari Italiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Luchano Spalettini ham e’tiborsiz qoldirmadi. Xullas, Savona yaqinda ilk marta «skuadra adzurra» yig‘iniga chaqirildi. Jurnalistlar esa «moviy gvardiya»ning mashg‘ulotiga shoshilishdi - umidli yosh debyutant bilan suhbatlashish ilinjida, albatta...
- Nikola, terma jamoa bazasiga kelishingizdan oldin faxriy Jorjo Kyellini sizga qandaydir maslahatlar berdimi?
- Ha, u ba’zi jihatlarni tushuntirdi, o‘zimni qanday tutishim kerakligi yuzasidan yo‘l-yo‘riqlar ham ko‘rsatdi. Xususan, milliy jamoada maqsadga erishish yo‘lida kamtarlikni saqlagan holda, o‘z ustimda ko‘p ishlashim kerakligini uqtirdi. Shuning barobarida har bir mashg‘ulotdan maksimal darajada foydalanishim, murabbiy ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilishim zarurligini alohida ta’kidladi.
- Qiziq, Italiya termasidan taklif olishni kutganmidingiz? Umuman, hozirgi darajaga shu qadar tez erishishni o‘ylaganmidingiz?
- Haqiqiy chempionlar yonida shug‘ullana boshlaganingizdan keyin tabiiy ravishda katta vazifa va marralar haqida bosh qotirasiz. Men esa bolaligimdan «Yuventus» tizimidaman. Shunday ekan, mamlakat bosh jamoasida o‘ynashni orzu qilmasligim mumkinmidi? Terma jamoaga kirish amalga oshmaydigan orzu emas. Lekin buning uchun har doim kuchli ijrochilar davrasida tinimsiz shug‘ullanish talab etiladi.
- Shimoliy hudud - Valle-d~Aostda tug‘ilgansiz. Aytingchi, loaqal bir marta bo‘lsada, futbolchi emas, chang‘ichi sifatida tanilishni xohlaganmisiz?
- Uyimizning shundoq yaqinida chang‘i maydoni bor edi va bolaligimda slalom bo‘yicha bir nechta poygada qatnashganman ham. Chamasi 10 yoshga to‘lganimda esa futbol va chang‘i sportidan birini tanlashimga to‘g‘ri keldi. Axir har ikkisining mashg‘ulotlarini teng olib borolmasdim. Xullas, qalbimga quloq tutib, futbolni ma’qul ko‘rdim. Ochig‘i, chang‘i sporti uncha yoqmagandi ham.
- Hozir qanotda ham, markazda ham birdek o‘ynashingiz mumkin...
- Zamonaviy futbolda turli xil pozisiyalarda o‘ynay bilish juda muhim. O‘ylaymanki, raqiblarga pressing uyushtirish va himoyalanishda chakki emasman. Qolaversa, o‘tgan mavsum asosan uchinchi markaziy himoyachi sifatida o‘ynadim. Ha, har ikki pozisiyada o‘zimni erkin his qilaman, ehtimol, bu o‘ziga xos ustunligimdir...
- «Yuventus»da o‘z oldingizga qanday vazifalarni qo‘ygansiz?
- Jamoaviy maqsadga to‘xtalsak, barchasi o‘z-o‘zidan tushunarli - turnir jadvalida imkon qadar yuqori o‘rinni egallash va sovrinlar yutish. Joriy mavsum shu maqsad sari ishlayapmiz. O‘zim uchun shaxsiy vazifalarni ham belgilab olganman, albatta. Mana, hozir terma jamoadaman. Demak, bir hafta davomida faqat bosh jamoamiz manfaati uchun ishlayman.
- Murabbiyingiz bergan eng yaxshi maslahat...
- Motta butun jamoa bilan juda ko‘p muloqotga kirishadi. U yana har bir futbolchiga individual tomondan e’tibor qaratadi. Murabbiyning xohishi - barcha yigitlarni mashg‘ulotlarda quvnoq holatda ko‘rish. Yana kiyinish xonasida tinch-do‘stona muhit hukm surishi ham muhim. Motta mohiyatan barchaga erkinlik bermoqda. Uning o‘zini futbolchilarga yaqin tutishi bizga qo‘shimcha quvvat bag‘ishlamoqda.
- Siz kabi yosh futbolchi qanday xavflardan qo‘rqishi kerak?
- Qiyinchiliklar hali oldinda ekanligini yaxshi tushunaman. Shuning uchun kamtarlikni saqlash kerak. Fidoyilik va qat’iyatlilik - katta yo‘lda yordam beradigan fazilatlar. Qisqasi, bularni hech qachon yo‘qotmasligim, yana o‘zligimni saqlab qolishim shart.
- Terma jamoa bazasiga qanday his-tuyg‘ular bilan kirdingiz? Spalletti sizga aynan nima dedi?
- Bu men uchun o‘ziga xos birinchi sinov sanaladi. Bizda ajoyib jamoa bor, shunga yarasha his-tuyg‘ular ijobiy. Spalletti meni iliq qarshi oldi, buning uchun murabbiydan bag‘oyat minnatdorman.
- Debyutingiz qaysi jamoaga qarshi o‘yinga to‘g‘ri kelishini xohlaysiz? Umuman, bo‘lajak uchrashuvlarda maydonga tushishni kutyapsizmi?
- Bilmayman, o‘zimga qolsa, «San Siro»da kechadigan Italiya - Fransiya o‘yinini tanlardim, lekin ayni holatda terma jamoa bilan birga bo‘lishimning o‘zi katta voqelik. Imkon berilsa, belgiyalik Dokuni personal ravishda ta’qib etishni xohlardim...
-----------------------------------------
Izoh: Nikolo Savona Italiya milliy jamoasining safarda Belgiya (1:0 va o‘z maydonida Fransiya (3:1) termalariga qarshi kechgan o‘yinlarida ishtirok etmadi.
M.PO‘LATOV tayyorladi