"Yuventus" Konseysauni to‘liq sotib olmoqchi
"Yuventus"da ijara asosida o‘ynayotgan "Portu" yarim himoyachisi Fransishku Konseysau Turin klubi bilan to‘liq shartnoma imzolashi mumkin.
Bu haqda italiyalik insayder Nikolo Skira xabar bermoqda.
"Keksa sinyora" portugaliyalik yarim himoyachi uchun 30 million yevro to‘lashga tayyor. "Yuventus" futbolchining o‘yinidan mamnun va jamoa bosh murabbiyi Tyago Mottaning fikricha, Konseysau "Byankonerlar" loyihalarida asosiy o‘yinchiga aylanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, "Yuventus" yarim himoyachini bir mavsum uchun 7 million yevro evaziga ijaraga olgandi. Transfermarkt portali 21 yoshli futbolchini 22 million yevroga baholamoqda.
Joriy mavsumda Konseysau "Yuventus" safida barcha turnirlar doirasida 6 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol va 2 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.