«Real» Ispaniya superkubogi finalini boshqaradigan hakamning xatolari haqida 7 daqiqalik video e’lon qildi
Madridning «Real» klubi Ispaniya Superkubogi finalida «Barselona»ga qarshi o‘yin uchun tayinlangan hakam Xesus Xil Mansanoning xatolari ko‘rsatilgan yetti daqiqalik videorolikni klub televideniyesida e’lon qildi. Ushbu final 12 yanvar kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida o‘tkaziladi.
«Qaymoqranglilar» hakam xatolarini tahlil qilishda alohida urg‘uni Mansanoning o‘tgan bahordagi janjalli qaroriga qaratishgan. O‘shanda hakam «Valensiya»ga qarshi o‘yinda 2:2 hisobida Jud Bellingem tomonidan kiritilgan golni inobatga olmagan. Bu qarorni Mansano 9-daqiqadagi qo‘shimcha vaqtda, Bellingem bosh bilan zarba berayotgan paytida hushtak chalish orqali qabul qilgan edi. Mazkur qarordan keyin Bellingem tuyg‘ularini jilovlay olmay, ikki o‘yinga diskvalifikasiya qilingan edi.
«Real» va «Barselona» o‘rtasidagi uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.