Liberato Kakache: «Dunyo miqyosidagi e’tirof – mislsiz ilhom manbai»
Yangi Zelandiya milliy jamoasi sardori va «Empoli» klubi himoyachisi Liberato Kakache o‘tgan mavsumdagi ajoyib o‘yinlari ortidan FIFA tomonidan yilning ramziy terma jamoasidan joy olishga da’vogarlar ro‘yxatiga kiritildi.
Bundan nafaqat muxlislar hayratda qolishdi, balki futbolchining o‘zi ham yengil «shok» holatiga tushdi. Ha, u terma jamoasi bilan Okeaniya Millatlar kubogi-2024da g‘alaba nashidasini surgan, yakunda turnirning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olingandi. Shunday bo‘lsada, Liberato jahon miqyosida e’tirofga erishishini sira o‘ylamagan va kutmagandi...
- Liberato, FIFA talqinida jahon ramziy terma jamoasiga kirish uchun da’vogar himoyachilar orasida o‘z nomzodingizni ko‘rgach, nimalarni his qildingiz?
- O‘sha kecha barvaqt uxlagandim, ertalab uyg‘onib, «Ins-tagram»dagi turli postlarda familiyamni belgilab qo‘yishganini ko‘rdim. Ochig‘i, boshida bunga ishonmadim, hammasini fotoshop yoki qandaydir hazil sifatida qabul qildim. Shu tariqa rasmiy manbalardan ma’lumot qidirishga tushdim va tezda barchasi haqiqat ekanligini angladim.
- 2024 yilgi Okeaniya Millatlar kubogida Yangi Zelandiya termasi bilan zafar quchdingiz va yakunda turnirning eng yaxshi futbolchisiga atalgan sovringa ham ega chiqdingiz. Nomzodlar qatoridan joy olishingizda ushbu yutuqlaringiz katta rol o‘ynagani aniq...
- Bunday yuksak darajadagi e’tirof har qanday futbolchi uchun mislsiz ilhom manbai hisoblanadi. Ta’riflanmas tuyg‘u, axir da’vogarlar ro‘yxatiga nafaqat Yangi Zelandiya, balki butun Okeaniya vakili sifatida kirdim. Shuning barobarida dunyo miqyosidagi eng yaxshi futbolchilar bilan bir qatorda turish - katta sharaf! Ishonchim komil, ro‘yxatda mening familiyamni ko‘rgan boshqa nomzodlar va muxlislar «O‘zi Kakache kim?» qabilida o‘yga cho‘mishgan. Shu asnoda Yangi Zelandiya terma jamoasi a’zosi ekanligimni bilishgandir. Meni masalaning shu tomoni ko‘proq g‘ururlantirdi. Albatta, bu e’tirof meni yetuklik darajasiga yetish yo‘lida yanada qattiq ishlashga undaydi. O‘ylaymanki, har bir sportchi dunyo bo‘yicha eng kuchlilar qatoriga kirishni orzu qiladi.
- Futboldagi yo‘lingiz ancha qiziqarli. Deylik, avvaliga Okeaniyadan Belgiyaga, keyin Italiyaga ko‘chib o‘tgansiz...
- Ha, futbolchilik faoliyatimda o‘ziga xos chizgilar yo‘q emas. Misol uchun, mendan oldin Yangi zelandiyalik biror futbolchi «A» seriya klubida o‘ynamagan. Esimda, ilk marta 2019 yili Polshada o‘tkazilgan U-20 toifasidagi jahon chempionatida yevropalik skautlar nazariga tushgandim. Jamoamiz turnirda yaxshi ishtirok etgani ortidan ko‘pchilik menga qiziqa boshladi. O‘sha payt shaxsiy agentim yo‘q edi, shuning uchun muzokara jarayonida asosan otam qatnashdi. To‘g‘ri, oradan ko‘p o‘tmay, huquqlarimni professional darajada himoya qiladigan agent yolladim, baribir.
- Yevropada o‘tgan yillar davomida inson va futbolchi sifatida nechog‘li o‘zgardingiz?
- Avvaliga Belgiyaning «Sent-Tryuyden» klubi safida ancha tajriba oshirdim, ba’zi muvaffaqiyatlarga ham erishdim. Belgiyada yosh iqtidorlarga katta ishonch bilan qarashlari qo‘l keldi. Italiyada esa hammasi sal boshqacha. Aytaylik, bu yerda taktika ustida ko‘proq ishlash talab etiladi. Maydonda erkin harakatlanish uchun ham ochiq hudud kam, ko‘proq individual kurashlarga kirishish lozim. «Empoli» safiga qo‘shilganimda, bundan otam benihoya shodlangan edi. Chunki u aynan Italiyada tug‘ilgan va shu mamlakatda o‘ynashimni ko‘rish butun oilam uchun katta orzu sanalgan.
- Yangi Zelandiya terma jamoasi yig‘inlariga borish uchun har safar uzoq yo‘l bosib o‘tishingizga to‘g‘ri keladi. Uzundan-uzun parvozlar toliqtirib qo‘ymayaptimi?
- Har qanday holatda ham, mamlakatim bosh jamoasi sharafini himoya qilishga tayyorman. Quvontirgan tomoni, bu masalada «Empoli» meni hamisha qo‘llab-quvvatlamoqda, barchasini to‘g‘ri tushunmoqda. Jamoadoshlarim ham o‘z vatanim termasida o‘ynash men uchun naqadar muhimligini yaxshi bilishadi. Albatta, bunday munosabatdan xur-sandman. Asosiysi, Yangi Zelandiyada futbol sekin-asta rivojlanmoqda, deylik, milliy jamoamiz FIFA reytingida tobora yuqoriga ko‘tarilmoqda.
- 2010 yilgi jahon chempionatini eslasak, Italiya va Yangi Zelandiya termalari guruh bosqichida o‘zaro to‘qnash kelgandi. O‘sha o‘yinni eslaysizmi, qanday xotiralarga egasiz?
- Albatta, eslayman, rosa qiynalganim ham rost. Chunki uchrashuvda har ikki jamoani birdek qo‘llab-quvvatlashimga to‘g‘ri kelgandi. Bir tomondan, g‘alaba Yangi Zelandiya futboli uchun qanchalik muhimligini tushunardim, ikkinchi tarafdan, Italiya termasi 3 ochkoga muhtoj edi, aks holda, jamoaning guruh bosqichidan chiqish masalasi xavf ostida qolardi. Yakunda o‘yin durang natija bilan xotima topgandi. Tabiiyki, terma jamoamiz qayd etgan natijani katta voqelik sifatida qabul qilishgani ham yodimda. Aynan JCH-2010 ta’sirida mamlakatimiz futbolida ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Keng miqyosdagi choralar natijasi esa endi-endi ko‘rinmoqda. Mana, yaqinda Kris Vud APLda oyning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Bunga qadar Yangi zelandiyalik biror futbolchi bunday sharafga erishmagandi.
- Mart oyidan Okeaniyada ham JCH-2026 saralashining hal qiluvchi o‘yinlari boshlanadi. Bu galgi sikldan nimalar kutyapsiz?
- Umidvormanki, saralashdan muammosiz o‘tamiz. Dunyodagi har qanday futbolchi mundialda ishtirok etish orzusi bilan yashaydi. Jumladan, men ham imkon qadar tezroq shunday imkoniyatga ega bo‘lgan ijrochilar qatoriga kirish uchun borimni berishga tayyorman. O‘ylashimcha, Meksika, Kanada va AQSH stadionlarida bo‘ladigan navbatdagi mundial eng yuqori saviyada tashkil etiladi.
- Kelasi yili Okeaniya mintaqasi uchun yana bir quvonarli voqelik ro‘y beradi. Ya’ni «Oklend Siti» Klublar o‘rtasidagi JCH-2025da ishtirok etadi...
- Jamoa bo‘lajak musobaqada qit’a futbolini iloji boricha yaxshiroq namoyon etish uchun bor imkoniyatlardan unumli foydalanishi zarur. Yodimda, «Oklend Siti» 2014 yili Meksikaning «Krus Asul» klubini yengib, Klublar o‘rtasidagi JCHda faxrli 3-o‘rinni egallagandi. Umid qilamanki, vatandoshlarimiz keyingi yoz start oladigan turnirda guruh bosqichidan chiqishni uddalashadi.
XURSHIDBEK tayyorladi