Mane Yevropaning grand klubi safiga o‘tishi mumkin
«Liverpul»ning sobiq hujumchisi, hozirda Saudiyaning «An-Nasr» klubi futbolchisi Sadio Mane Yevropaga qaytishi mumkin. Bu haqda «Todofichajes» portali xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, 32 yoshli senegallik forvard Italiya chempionatida o‘ynash imkoniyatiga ega. Mane xizmatlariga Milanning «Inter» klubi qiziqish bildirmoqda. «Neradzurrilar» hujum chizig‘ini kuchaytirmoqchi va tajribali afrikalikka taklif bilan chiqishi mumkin.
Mane 2023 yilning yozidan buyon «An-Nasr»da o‘ynamoqda. Tomonlar o‘rtasidagi amaldagi shartnoma 2026 yilning iyun oyi oxirida tugaydi. Futbolchining transfer qiymati 15 million yevroga baholanmoqda.