Olimpiada qatnashchisi yigiti tomonidan benzin quyib yoqib yuborildi
Ugandalik uzoq masofaga yuguruvchi, 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlari ishtirokchisi Rebekka Cheptegi hujumga uchraganidan so‘ng og‘ir ahvolda qoldi, deb xabar bermoqda Sky Sport mahalliy OAVga tayanib.
Nashrning yozishicha, Cheptegi 1-sentyabr, yakshanba kuni Keniyadagi uyida bo‘lganida yigiti Dikson Ndiem tomonidan ayovsiz hujum qurboni bo‘lgan. Aytilishicha, Ndiem janjal paytida bir banka benzin sotib olib, Cheptegiga quygan va uni yoqib yuborgan.
Mahalliy jurnalistlarning xabar berishicha, Rebekka Trans-Nzoya tumanidan yer sotib olib, Keniyaning eng yaxshi stadionlari va sport mashg‘ulotlari markazlariga yaqin bo‘lish uchun u yerda uy qurgan.
Shu mulk tufayli Cheptegi bir kun avval yigiti Dikson Ndiem bilan qattiq janjallashib qolgan. Polisiya xabarida aytilishicha, qo‘shnilar ularning janjallashayotganini eshitgan, biroq mojaroga hech kim aralashmagan. Bir oz vaqtdan so‘ng janjal ovozi kelmagan va keyinroq uyda yong‘in chiqqan.
Ma’lum bo‘lishicha, Dikson avvaliga benzin sotib olish uchun ketgan, qaytib kelgach benzinni sportchiga sepib, uni yoqib yuborgan. Rebekka tanasining 75 foizi kuygan va hozirda og‘ir ahvolda qolmoqda.
Hujum qilishda gumonlangan shaxsning o‘zi ham yong‘in natijasida og‘ir jarohat olgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida Cheptegi marafon bahslarida ishtirok etdi. Sportchi bahslarda 44-o‘rinni egalladi. U oltin medal sohibi gollandiyalik Sifan Hassandan 9 daqiqa 19 soniya ortda qoldi. Musobaqadan so‘ng Cheptegi Keniyaga qaytib, u yerda yigiti bilan yashayotgan edi.