Orzusi tomon intilayotgan elektrik-hujumchi
Nikola Vasich 3 mavsumda 61ta gol urdi. Shu bilan birga, u elektrik sifatida to‘liq stavkada ishladi.
Uni doimo oliy divizion bellashuvlari qiziqtirardi. Endi Vasich faqat to‘p surish bilan cheklanib qolmoqchi emas, maqsadi - joriy mavsumni Shvesiya chempionatining eng yaxshi to‘purari maqomida yakunlash. «Futbol bilan muntazam ravishda shug‘ullanib, qanday saviyada o‘ynay olishimni bilishni istayman», - degandi Nikola 2018 yilda bergan intervyusida.
O‘spirinlik davrida «Xammarbyu» yoshlar jamoasida o‘ynagan. 20 yoshga yetgan chog‘ida Vasich Shvesiya 5-divizionining «Bagarmossen Kerrtorp» klubida futbolchilik faoliyatini boshladi. Avvaliga u yarim himoyachi pozisiyasida to‘p surdi, keyinchalik hujum chizig‘ida o‘ynab, 17ta gol urdi.
Bir yildan so‘ng Nikolani 4-divizion vakili - «Enskede» o‘z safiga jalb etdi. Uning mahsuldorligi bir oz pasaygan bo‘lsada, jamoa aynan Nikola ko‘magi bilan ikki yil ichida yuqori ligaga ko‘tarildi.
Keyin Vasich bu jamoani ham tark etib, «Xuddinge»ga o‘tdi va qatorasiga 2ta bellashuvda to‘pni o‘z ustidan oshirish usulida gol urdi: «Ha, men ikki marta fantastik «bisikleta»ni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldim. Dastlabki golda boshim bilan kuchli uzatmani qabul qildim. Havoda aylanib olganim sababli, zarba mukammal bo‘ldi. O‘yindan keyin menga lavhani tasvirga olinganini aytishdi. Men esa quyidagicha javob qaytardim: «Butun mavsum davomida biz birorta uchrashuvni suratga olmagandik, buni olishdimi?»
2016 yilda Nikola «Xuddinge»ga 23ta gol hadya etishi evaziga yanada yuqoriroq saviyadagi jamoa - poytaxtning «Akropolis» klubidan taklif oldi. Uning 26 yoshga chiqqanida 3-divizionga ko‘tarilishiga avvalgi jarohatlari sababchi bo‘ldi: «Enskede»ga kelishim bilan oyog‘imni sindirib olganim uzoq muolajani talab etdi. Barvaqt maydonga qaytishim tufayli, xastalik yana qo‘zg‘alib qoldi. Shu tariqa 1 yilni yo‘qotdim. Keyin reabilitasiya davri boshlandi. Jarohatlar tufayli bir necha yilni o‘tkazib yubordim».
«Akropolis» Superettan»ga ko‘tarilish ostonasida turgan pallada Nikola 17ta goli bilan hissa qo‘shdi, 2018 yilda esa 21ta gol urib, 3-divizionning eng yaxshi to‘purari unvoniga sazovor bo‘ldi. Bu elektrik maqomidagi ish kunlarini to‘liq ado etgan hujumchi faoliyatidagi eng yaxshi mavsum edi. «Ha, har kuni 5:30da uyqudan turib, ishga otlanaman, keyin mashg‘ulotga yo‘l olaman. Kechki soat 21:00da uyga qaytaman. Bu ulkan yuklama, jismoniy mehnat. Lekin bunga ko‘nikib qolganman. Chunki uzoq yillar shu rejimda ishlayapman, o‘zimni bardam his etaman. 8 soatli uyqu men uchun yetarli», - degandi Nikola 2018 yilda. «Endi men bor vaqtimni faqat futbolga sarflab, qanday saviyaga erisha olishimni bilib olish niyatidaman. Elektriklik ishini bir necha yilga kechiktirib, keyin yana qaytishim mumkin. 8 soatlik mehnatdan keyin, mashg‘ulotga 100 foiz kuch sarflash imkoniyati bo‘lmaydi. Hozirgi holatim shunday».
Bir yildan keyin «Akropolis» nihoyat Superettan»ga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq oradan yarim yil o‘tgach, Vasich Italiya klubidan taklif oldi. 2020 yilning oktyabrida hujumchi «V» seriyasi vakili bo‘lmish «Redjina» bilan 3 yillik shartnomaga imzo chekdi.
Afsuski, Italiyada Nikolaga o‘z salohiyatini namoyish etish imkoniyatini berishmadi. 8ta uchrashuvda atigi 143 daqiqa to‘p surgan hujumchi yagona samarali uzatma bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi. Mart oyida shvesiyalik hujumchini o‘z vataniga ijara asosida qaytarishdi. «Vasalund» safida 26 marta maydonga tushgan Nikola 8 marta raqiblari darvozasini ishg‘ol etdi. Italiya klubi shundan keyin ham Vasichga ishonch bildirmay, 2022 yil qishida tekinga «Brommapoykarna» klubiga berib yubordi. Natijada bu jamoa hujumchining 11ta goli va 5ta assisti yordamida Allsvenskanga ko‘tarilib oldi. Oliy divizionda Vasich jamoaga atigi 5ta gol bergan bo‘lsada, klub elitadagi o‘rnini saqlab qoldi.
Joriy mavsumda elektrik-hujumchi o‘zining ichki energiyasi quvvatini oshirib, 26ta o‘yinda 17ta gol bilan chempionatning eng yaxshi to‘purari maqomida bormoqda. «Malmyo» hujumchisi Kise Telinning gollari 2ta kamroq.
Albatta, hozir «Brommakarna» chempionlik va yevrokubok turnirlariga intilmayapti. Lekin Vasichning olis yo‘lni bosib o‘tgani va muvaffaqiyatga erisha olgani tahsinga loyiq.
Yaqinda Nikola 33 yoshga to‘ldi. Ehtimol, bu yog‘iga uni Shvesiyaning qaysidir nomdor klubida ko‘rib qolarmiz. Qolaversa, qishda uning «Brommapoykarna» bilan kelishuvi muddati nihoyasiga yetadi.
Shu o‘rinda Vasichning faoliyatini uning tengdoshi bo‘lgan «AIK» qahramoni Robin Yansson bilan taqqoslash zarar qilmaydi. Elitaga ko‘tarilishidan avval Yansson 4-divizionda to‘p surardi. Jarohatlar tufayli himoya chizig‘ida muammoga duch kelgan «AIK» uni poytaxtga olib keldi, Robin esa yangi jamoa bilan Shvesiya chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.
Sodiq SOBIR tayyorladi