«Real» yozda tarkibni shakllantirish borasida yetarlicha ish qilmaganini tan oldi
«Real Madrid» qishda transfer paytida ba’zi futbolchilar bilan shartnoma imzolamoqchi.
Joriy mavsumda jamoa ishonchsiz natijalar qayd etmoqda. Klub ketma-ket ikkita muhim o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi - «Barselona» (0:4) va «Milan» (1:3). La Ligada «qaymoqranglilar» ikkinchi o‘rinda borishmoqda. Jamoa bitta kam o‘yin o‘tkazgan holda kataloniyaliklardan 9 ochko ortda qolmoqda. "Qirollik klubi" Chempionlar Ligasida esa 4 turda 2 ta mag‘lubiyatdan so‘ng 17-o‘rinda bormoqda.
So‘nggi haftalarda klub yozda tarkibni shakllantirish yoki bu borada kerakli muvozanatni saqlash bo‘yicha qilingan ishlar u qadar muvaffaqiyatli bo‘lmaganini tan oldi. Bu haqda "Marca" nashri xabar tarqatdi.
Shu bilan birga, rahbariyat vaziyatni to‘g‘irlash uchun hali vaqt borligiga ishonmoqda. Shuning uchun madridliklar yanvar oyiga hozirdanoq tayyorgarlikni boshlagan. Jamoadagi vaziyatni Daniyel Karvaxalning og‘ir jarohati og‘irlashtirdi. Uning yo‘qligi keyingi natijalarga ta’sir ko‘rsatdi.
"Real" 5 yildan beri qishki transfer paytida futbolchi sotib olmayotgan edi. Bu safar jamoa o‘z an’anasini buzishga majbur.
Eslatib o‘tamiz, hujumchilar Kilian Mbappe va Endrik yozda «Real» safiga qo‘shilgan bo‘lsa, Toni Kroos, Xoselu, Nacho Fernandes hamda bir qancha yosh futbolchilar jamoani tark etishdi.