Urugvay: Jamoa jonkuyari
«Futbol bizga tarixni yangilaydi» iborasini turli shaxslarga tegishli, deb hisoblashadi.
Ular orasida Urugvay terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Oskar Tabares va mamlakatning sobiq prezidenti Xose Muxika ham bor. Ibora ildizini aniqlash anchayin qiyin. Kimdir uni ko‘pchilikka tarqatgan, kimdir ilib olgan, manbani topishning iloji yo‘q.
Fakt shuki, Urugvay - futbolga tamoman o‘zgacha munosabatda bo‘lgan saltanat. 1930 va 1950 yillardagi JCHlarida erishilgan tarixiy g‘alabalar maktab darsliklariga kiritilgan. Shu sababli allaqachon yorug‘ dunyoni tark etgan qahramonlar nomini maktabga qatnagan aholi yaxshi biladi. Rossiyada Pushkin, Suvorov va Gagarin, Fransiyada Napoleon, Janna d~Ark va Dyuma, Britaniyada Shekspir, Cherchill va Lennon mashhur bo‘lishganidek, Urugvayda Ektor Skarone, Xose Sea, bir qo‘lli hujumchi Kastro va 20 yildan keyin ular safiga qo‘shilgan Xuan Skyaffino, Alsides Gidja va urugvayliklar qo‘lga kiritgan jahon Kubogini Braziliyadan yashirincha olib chiqqan Obdulio Varelani hanuzgacha unutishmagan.
Hammasi dongdor va afsonaviy nomlar. Dastlabki 4ta JCHlari hozir faqat og‘zaki rivoyatlarda zikr etiladi. Teleko‘rsatuvlar 1954 yilda kirib kelgan, 1930 va 1950 yillardagi g‘olibona o‘yinlardan esa, faqat kinoxronika lavhalari saqlanib qolgan. Ulardan biron-bir narsani aniqlab bo‘lmaydi. Lekin g‘olib qahramonlarni vatandoshlari unutishgan emas. Hozir ham maktablarda JCHning oltin medallariga sazovor bo‘lgan futbolchilar xususidagi bahs eng muhim mavzu hisoblanadi.
Shu tariqa Urugvayda madaniy-maishiy fenomen yuzaga keldi. U yerda stadionga futbolga qiziqmaydigan kishilar ham boradilar. Xuddi boshqa yurtlarda kinoteatr zallariga faqat kinoshunoslar borishmaganidek. Xullas, stadionda o‘tirgan sevishganlar uchun futbolning qizig‘i yo‘q.
Yana bir e’tiborli jihat shuki, «Nasyonal» klubining arenasi 1930 yilda jahon chempioni bo‘lgan Ektor Skarone nomi bilan yuritiladi. Hozirgi aholi orasida bu futbol afsonasi o‘yinini ko‘rgan kishi yo‘q. Urugvayning «River Pleyt» klubi safida to‘p surayotgan 20 yoshli Augusto Skarone Ektorning qarindoshi bo‘ladi. Ya’ni, Augusto - Ektor ukasining evarasi (abirasi). Aynan shu futbolchi buyuk bobokalonlari haqida 4ta intervyu berdi. Kasbdoshlarimiz yigitchadan ko‘proq Ektor xususida savollar berishdi. Mashhur shaxslar soyasida yurish qiyin emas, yangi yorqin sahifani yaratish qiyin. Luis Suares bu yumushni uddaladi. U JCHlarida g‘olib chiqa olmagan bo‘lsada, shonli davri evaziga «Seleste» tarixidan joy oldi. Kavani, Godin, Muslera yoki Forlan emas, aynan u 2010 yillardagi jasorat ramzi bo‘lib qoldi.
Urugvay futbolidagi tiklanish davri
JCH-2010 - Urugvay futboli tarixidagi buyuk yuksalish davri. Undan avval mamlakat qariyb 20 yillik o‘lik davrni boshdan kechirdi. 1980 yillar oxirida Enso Francheskoli 2ta JCHda va 3ta Amerika Kubogi, jumladan, ikkitasi g‘alabali finallarida ishtirok etib, afsungar maqomini olgandi. Biroq 1990 yildan keyin qurg‘oqchilik boshlandi.
Ha, pasayish o‘ta sezilarli bo‘ldi deyish adolatdan emas. O‘sha yili terma jamoada Rekoba va Fonsekalar to‘p surgan, Kopa Amerika-1995da jamoa zafar quchgan, JCH-2002da ishtirok etgandi. Lekin Urugvay JCH-2006 doirasidagi to‘qnash bellashuvida Avstraliyaga imkoniyatni boy berdi. Bu Urugvay futbolidagi eng yirik omadsizlik hisoblanadi. Keyin jamoa tizginini o‘z tasarrufiga olgan Oskar Tabares 4 yil ichida shogirdlarini yarim finalga olib chiqdi.
Jamoani mag‘lubiyatdan saqlab qolish maqsadida maydonni tark etdi
JCH-2010 turnirida bosh qaramon rolini Diyego Forlan ijro etdi. Jamoani aynan u olg‘a yetakladi. Biroq Suares ham jasorat uchun imkon topa oldi. Musobaqadagi eng yorqin o‘yin Luis bilan bog‘liq.
Qaysidir qahramon bir gala yovuzlarni qiyratadi. Boshqasi do‘stlarini qutqarish yo‘lida o‘zini qurbon qiladi. Suares ikkinchi qahramon toifasidan. U ongli ravishda shunday to‘xtamga keldimi yoki tasodifan shu voqea yuz berdimi, bunisi muhim emas. Lekin bu turnirni barvaqt tark etmaslikning yagona yo‘li edi. Darvozabon aldab o‘tildi, to‘p darvoza tomon ketmoqda, o‘yinning 120-daqiqasi nihoyasiga yetmoqda, ganaliklar bayram qilish taraddudida. Ayni shu lahzada Luis Suares to‘pni qo‘li bilan urib, darvozadan uzoqlashtirgandi. Albatta, u qizil kartochka bilan jazolanib, maydonni tark etdi, Urugvay darvozasi tomon penalti belgilandi. Biroq penalti - gol emas... Keyin Suares bilan Messining janjaliga sal qolgan zafarli Amerika Kubogi 2011 turniri bo‘lib o‘tdi. O‘shanda Luis yarim finalda 2ta, finalda 1ta gol urgandi.
Shuning uchun ham Urugvay Suaresni sevadi. U hech qayerda terma jamoadagidek o‘yin ko‘rsatmagan. «Seleste» uchun u hamma narsaga tayyor. Jarohati bo‘lsa ham maydonga tushgan, o‘yindan chetlatilgan, janjallashgan va asosiysi, o‘ta muhim gollarni hadya etgan. Oxirgi xaloskorlik 2 oy avval ro‘y berdi. Kanadaga qarshi bellashuvda Suares hisobni tenglashtirib, o‘yinni penaltilar seriyasiga olib chiqdi va jamoa bronza medallari sohibiga aylandi.
Xayrlashuv jasorati
Yakuniy natija, Luis Suares - Urugvay terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar. Lekin uni faqat shu uchun sevishmaydi. Muxlislarga doimo oxirigacha kurashadigan irodali o‘yinchilar yoqadi. Mag‘lubiyatni tan olgandan ko‘ra, qizil kartochka afzal ko‘radiganlar yoqadi. Faqat gollari bilan emas, o‘yindan chetlatilishi bilan ham g‘alaba keltiradiganlar yoqadi. Shuningdek, ularning noo‘rin baqir-chaqirlari ustidan polisiyaga shikoyat qilmaydiganlar yoqadi.
S.RAHMONOV tayyorladi