La Liga Ispaniya futbol federasiyasidan «Valensiya» – «Real» o‘yinini boshqa muddatga ko‘chirishni so‘radi
La Liga «Valensiya» - «Real Madrid» uchrashuvini suv toshqini tufayli boshqa muddatga qoldirishni so‘radi.
Kecha Ispaniyaning sharqi va janubida kuchli yomg‘ir yog‘ib, ko‘plab hududlarni suv bosdi. Ushbu vojia sababli 62 kishi halok bo‘lgani ma’lum. Shu sababli Ispaniyada uch kunlik motam e’lon qilindi.
"Valensiya" avvalroq La Ligadan 2 noyabrga belgilangan o‘yinni keyinga qoldirishni so‘ragan edi. «Real Madrid» ham bunga qarshi emas.
"AS" nashri xabariga ko‘ra, La Liga Ispaniya Qirollik futbol federasiyasiga (RFEF) La Liga va Segundaning beshta o‘yini: «Valensiya» - «Real Madrid», «Vilyarreal» - «Rayo Valekano», «Levante» - «Malaga», «Kastellon» - «Rasing» va «Eldense» - «Ueska» o‘yinlarini qoldirishni so‘rab murojaat qilgan.
Qayd etilishicha, La Liga va Segundaning bo‘lajak turlarining barcha o‘yinlarini boshqa muddatga ko‘chirish varianti ham ko‘rib chiqilgan.
O‘yinlarni bosha muddatga qoldirish bo‘yicha qaror ertaga qabul qilinishi kutilmoqda. Bundan tashqari, ushbu haftadagi barcha uchrashuvlar toshqin qurbonlari xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlash bilan boshlanadi.