Vinisius va Mbappe tandemi qachon super juftlikka aylanadi?
Vinisius va Mbappening potensial supertandemi yaxshi bir savolni o‘rtaga tashlaydi: O‘zi bu darajadagi yulduzlar qachon rostan ham futbol tarixida qoladigan juftlikka aylanishadi?
Birinchi variant, oson, futbolchilar qog‘ozda, nazariy jihatdan maydonda bir-biriga zo‘r tushishi kerak. Masalan, Mane chapda Saloh o‘ngda, Riberi va Robben ham shunaqa edi. Ularni birga bemalol tasavvur qilasiz. Asosiy jihat — maydonning farqli nuqtalarida ayni ishni yuqori darajada amalga oshira olish.
Ikkinchi holat, Benzema va Ronaldu. Aynan fransuzning aqlli harakatlari sherigining yuksalishiga xizmat qilardi. Bu yerda muhim jihat, maydondagi rollarni to‘g‘ri taqsimlanishi. Albatta, murabbiyning qo‘li ham yorlam beradi, ammo futbolchilarning xarakteri mos tushishi shart. Biri biroz egoist, ikkinchisi o‘zini qurbon qila olishi lozim. Ronaldu "Manchester"da Benzemaga o‘xshash Runi bilan zo‘r sherik bo‘lgan, gol urishda o‘ziga o‘xshash Nistelroy bilan — yo‘q. Murabbiy bitta bo‘lsa-da.
Sezgan bo‘lsangiz kerak, Vini - Mbappe ikkovi holatgayam tushmaydi. Ikkovi ham aynan chap qanotda kuchli, keyin xarakter ham o‘xshash - «Oltin to‘p» da’vogari bo‘lmish ikkisi ham o‘yinlarni bir o‘zi hal qilishga o‘rgangan.
Xo‘p, unda uchinchi yo‘l qoladi xolos. Vinisius va Mbappe do‘stlashishi kerak. Maydondan tashqarida ham ko‘p vaqt birga o‘tkazishi, kerak bo‘lsa, oilaviy bordi-keldi qilishlari lozim. Xuddi shu shaklda "Barselona"da Suares - Neymar - Messi uchligi yuzaga kelgandi, eslasangiz.
Shundagina bu futbolchilar birga zo‘r tandem bo‘la olishlarini isbotlashga ehtiyoj sezishmaydi, bu qiyin vazifaga aylanish o‘rniga, birgalikda to‘p surish qandaydir zavqli yumushga aylanadi. O‘shandagina "Madrid" e’tibori kimga ko‘proq tushishi ham tashvishga solmay qo‘yadi. Menimcha, boshqa yo‘li yo‘q, aks holda, «Bernabeu»ning chap qanoti ikkisi uchun torlik qiladi.
Qahramon Aslanov