Lautaro "Oltin to‘p" haqidagi savolga javob berdi
Milanning "Inter" klubi va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lautaro Martines yana "Oltin to‘p" haqidagi savolga javob qaytardi.
"Men va Messi mukofot haqida gaplashmadik. Men uning terma jamoaga qaytganidan xursand bo‘ldim. Men har doim jamoa manfaati uchun astoydil harakat qilaman, lekin individual sovrinlar ham muhim – ular o‘z ishingni yaxshi bajarayotganingdan dalolat beradi.
Asosiysi, jamoa, va agar men individual e’tirofga sazovor bo‘lsam, bu ham jamoadoshlarim, xodimlar, muxlislarning xizmatlari", — dedi Martines DAZN nashriga bergan intervyusida.