Neymar og‘ir jarohati haqida gapira turib, yig‘lab yubordi (video)
Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubi hujumchisi Neymar 2023 yilning 18 oktyabr kuni Braziliya terma jamoasi safida Urugvayga qarshi o‘yinda og‘ir jarohat oldi va uzoq vaqtga safdan chiqdi.
Neymarning mazkur jarohati haqida video olindi va futbolchi intervyu jarayonida ushbu jarohat haqida gapira turib, ko‘zlaridan yosh oqa boshladi.
«Milliy jamoa safida gollar soni bo‘yicha Pelening natijasini yaxshilayman, deb hech qachon o‘ylamagandim. Bu — Pele, tushunyapsizmi? Bu haqda o‘ylashim mumkin emasdi.
Hayotimda ajoyib vaziyatlarni boshdan kechirdim: bu maqsadga erishdim, «Al-Hilol»ga o‘tdim, qizim tug‘ildi... Men uchun yil ajoyib o‘tayotgan edi, keyin esa jarohat oldim... (Neymar shu lahzada yig‘lay boshladi).
O‘sha vaziyatni eslayman. Jarohat olganimda kuchli og‘riq his qildim. O‘sha paytda jarohat jiddiy ekanini tushunib yetdim. Hayotda eng yaxshi ko‘radigan narsam — futbol o‘ynash. Maydondan tashqaridagi har bir kun — bu qiynoq. Bu menga azob beradi», – dedi Neymar.