Buyuk futbolchilarning adashlari
Ko‘pincha hovli futbolida qaysidir futbolchi nomdor kasbdoshi sharafiga laqab oladi.
U ba’zan yoqimli, ba’zan unchalik bo‘lmasligi mumkin, lekin vaqt o‘tishi bilan unutiladi. Agarda laqab oluvchi kasbdoshining familiyadoshi bo‘lmasa, bir umrga laqabdan forig‘ bo‘la olmaydi. quyidagi hikoya laqab tufayli muxlislar bosimiga duch kelgan ayrim futbolchilar haqida.
Jorj Messi
Lionel Messi «Barselona»ning buyuk o‘yinchisi maqomiga ko‘tarilishidan avval, futbol olamida ko‘pchilikka tanilishga ulgurmagan Jorj Messi ismli kamerunlik yarim himoyachi paydo bo‘lgandi. U 1999-2016 yillar oralig‘ida turli klublarda to‘p surgan, milliy terma jamoaga jalb etilmagan. Chunki Jorj «Rizespor», «Lokeren» kabi o‘rtamiyona jamoalarda o‘ynagan, 2009 yilda «Olyanense» bilan Portugaliya oliy ligasiga chiqqan, 2010 yilda esa «Interklub» safida Angola chempioni bo‘lgan.
Xoakin Messi
Bu yigit uchun hammasi oldinda. 10 yil muqaddam Lionel Messining qadrdon shahri bo‘lgan Rosarioda pasportlarda chalkashliklar yuzaga kelmasligi maqsadida ota-onalarga o‘z farzandlariga Messi ismini berish taqiqlab qo‘yilgandi. Chunki «Messi» - ism emas, familiya. Biroq familiyadoshlar yo‘q emas. Ulardan biri «Nyuells Old Boyz» klubining 22 yoshli tarbiyalanuvchisi Xoakin. U hozir «Estudiantes de Rio Kuarto» jamoasida to‘p surmoqda.
Ronaldo
Qahramonimiz o‘z faoliyatini Braziliyaning quyi ligasi San-Kaetanoda boshlab, qisqa muddat oliy diviziondagi «Bayya» tarkibida to‘p surgan, keyin «Levski» orqali «Rostov» safidan joy olgandi. Mutasaddilar muxlislar yoqimtoyiga portugaliyalik buyuk kasbdoshining 7 raqamini berishdi. Braziliyalik fenomen hurmatidan 9ni berishlari ham mumkin edi. Biroq u nisbatan olis o‘tmish «kumiri» - zamonaviy yulduzlarga qiyoslash o‘rinliroq.
Mateus Dasayev
Albatta, u darvozabon - Dasayev Mateus Ferreyra de Freytas. Posbonning otasi o‘z farzandini Rinat Dasayev va Lotar Mateuslar nomi bilan ulug‘lashni ma’qul ko‘rgandi. Uning rafiqasi bolakayga Jon Entoni nomini mo‘ljallab qo‘ygandi. Biroq bundan bexabar ota o‘g‘lini o‘zi tanlagan nom bilan rasmiylashtirib bo‘lgandi. Braziliyalik Dasayev 2018 yildan beri ishsiz yuribdi. Ehtimol, u o‘z faoliyatiga nuqta qo‘ygandir...
1979 yilning 22 yanvarida tug‘ilgan Gomesh San Tome va Prinsipi terma jamoasi tarkibida JCH-2006 turnirining saralash bosqichi doirasida Liviyaga qarshi maydonga tushgandi. O‘shanda uning jamoasi o‘z darvozasidan 8ta javobsiz gol o‘tkazib yuborgan. Ha, «Rostov»da to‘p surish hammaga nasib etavermaydi.
Karim Nedved
Bu rostakam familiya emas - «Al-Ahli» o‘smirlar jamoasida Karimni shunday nomlash urfga aylanib ketdiki, o‘ng qanot xavbeki bu nomni futbolkasiga yozdirib oldi. Hozir Volid (Karimning asl familiyasi) Misr chempionatining bir necha karra g‘olibi maqomida «Al-Ahli»dagi faoliyatini davom ettirmoqda. Futbolchining tashqi ko‘rinishini inobatga oladigan bo‘lsak, hozirda u Xvichani eslatadi.
Muhammad Saloh
Misrda Salohlar juda ko‘p, ularning biri bodringni kirsillatib yeyish bo‘yicha jahon chempionatida g‘olib chiqdi. Ha, bu hazil emas, Kemerovo viloyatida shunda musobaqa bo‘lib o‘tdi. Lekin biz ayni pallada «Bryugge»ning o‘rinbosarlar jamoasida to‘p surayotgan 20 yoshli Muhammad xususida to‘xtalishni lozim topdik.
Nazariy jihatdan misrlik afsonaning nomdoshi APLda to‘p surishi mumkin, axir faoliyati endi boshlandi. Qo‘shimchasiga, kichik Muhammad binoyidek saviyaga ega bo‘lgan hujumkor o‘yinchi.
Pele
Gvineya-Bisaulik yangi Pele tayanch yarim himoyachisi. U «Monako»dan ijara asosida «Nottingem Forest» klubiga o‘tib, Chempionship doirasida 9 marta maydonga tushgan. Bundan avval futbolchi «Milan» va «Benfika» klublari bilan shartnoma imzolagan bo‘lsada, birorta uchrashuvda ishtirok etmagan. Faqat Kiyevning «Arsenal» jamoasi tarkibida bitta bellashuvda to‘p surgan. 32 yoshli Pele hozircha yangi klubini topa olgani yo‘q.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi