Ten Xagning yangi klubi nomi aniqlandi
"Manchester Yunayted"ning sobiq bosh murabbiyi Erik ten Xag "Borussiya Dortmund" bosh murabbiyligiga nomzod sifatida ko‘rilmoqda.
Niderlandiyalik mutaxassis oktyabr oyi oxirida "qizil iblislar" boshqaruvidagi lavozimini tark etdi - u ishdan bo‘shatildi. Jurnalist Patrik Berger xabariga ko‘ra, 54 yoshli mutaxassis "Borussiya"da Nuri Shahinning o‘rniga nomzod sifatida ko‘rilmoqda. Ayni damda "asalarilar" rahbariyati murabbiyga ishonishda davom etmoqda, ammo jamoa natijalari yaxshilanmasa, vaziyat o‘zgarishi mumkin.
Qayd etilishicha, juma kuni Erik ten Xag dortmundliklarning "Bayer"ga qarshi o‘z uyida 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan o‘yiniga tashrif buyurgan edi. "Yunayted"ning sobiq bosh murabbiyi "Borussiya"da maslahatchi bo‘lib ishlayotgan Mattias Zammer bilan yaxshi munosabatda.