Barcha zamonlarning eng qimmatbaho o‘smirlari
Zamonaviy futbolda o‘smirlar yuksak salohiyatni namoyish etgan holda turli rekordlarni yangilab, o‘yin sur’atini oshirmoqdalar.
«Transfermarkt» ma’lumotlari orasidan yoshi 18dan o‘tmagan eng qimmat navqiron iqtidorlarni hukmingizga havola etishni lozim topdik.
10. Evan Fergyuson - 65 mln. yevro (2023)
«Brayton» o‘yinchisining ro‘yxatdan joy olgani sizni hayron qoldirgan bo‘lishi mumkin. Lekin bu jamoa «Benfika» yo‘lidan borishga qaror qilib, futbolchilarni sotish ilmini egalladi. Hozir «Chelsi» uning doimiy mijoziga aylangan. Evan Fergyuson jarohat olgani sababli so‘nggi yarim yil ichida xaridorlar e’tiboridan chetda qoldi. Lekin sog‘lomlik davrida «Transfermarkt» uni 65 millionga baholagandi. APLning 2022|23 yillar mavsumida futbolchi 25 marta maydonga tushib, 10ta golni o‘z hisobiga rasmiylashtirgan. Yigitcha shu kunlarda 20 yillik yubileyini nishonladi, «Brayton»da manfaatli sotuvni amalga oshirish imkoniyati bor.
9. Florian Virs - 70 mln. yevro (2021)
Bu futbolchi 18 yoshga chiqmagan chog‘ida Bundesligada «Bayer Leverkuzen» uchun 5ta gol urgandi. Shu sababli Florianning bahosi ko‘tarilib ketgandi. Yaqinda 21 yoshga chiqqan germaniyalik yarim himoyachi qisqa vaqt ichida parvozlar va pasayishlarni boshdan kechirdi. 2022 yilda xochsimon payidan jarohat olib, 10 oy davomida maydonga tusha olmadi. Lekin Xabi Alonso davrida yana saviyasini tiklab, «Bayer»ning o‘z tarixida ilk marta Bundesligada g‘olib chiqishiga yordam berdi. Keyin Germaniya terma jamoasi tarkibida Yevro-2024 turnirida ishtirok etdi.
8. Vinisius Junior - 70 mln. yevro (2019)
45 mln. yevro evaziga «Real» safidan joy olgan braziliyalik iqtidorga muhitga moslashish uchun vaqt kerak edi. Endi o‘zingizni hujumchi o‘rnida tasavvur qilib ko‘ring - siz 16 yoshdasiz, lekin «Real»da to‘p surishingizdan xabardorsiz! Madriddagi dastlabki mavsum jarohat olish bilan nihoyasiga yetdi. Lekin Vinisiusni bejizga xarid qilinmagani yaqqol sezilib qoldi - endi u «Oltin to‘p» sohibi. To‘g‘ri, intizom masalasida biroz ter to‘kishi lozim, biroq bu boshqa mavzu.
7. Pedri - 80 mln. yevro (2021)
Yarim himoyachi 2019 yilda «Las-Palmas»dan «Barselona»ga o‘tgan va Ronald Kuman rahbarligi ostida yorqin o‘yin namoyish etgandi. 2021 yilda Pedri Golden Boy mukofotini qo‘lga kiritdi, lekin tez orada jarohatlar girdobiga tushib qoldi. Ko‘pchilikning fikricha, yosh iqtidorni juda ko‘p maydonga tushirib, charchatib qo‘yishdi, u ko‘proq dam olishi kerak edi. Ayni shu kunlarda Pedri safga qaytgan, bu yog‘iga shikastlanishdan yiroq bo‘lishiga tilakdoshmiz.
6. Jeydon Sancho - 80 mln. yevro (2019)
Gvardiolaning «Manchester Siti»sidan ketish har bir o‘yinchi istamasada, Sancho Dortmundning «Borussiya»da o‘ynashga qaror qilgan va o‘ta yorqin o‘yin ko‘rsatgandi. Ke-yin Jeydon «MYU»dan taklif oldi. Biroq Manchesterda o‘z o‘yinini yo‘qotib qo‘ydi va ijara asosida «Borussiya»ga qaytib, YECHLda yuksak saviyada to‘p surdi. Endi u «Chelsi»da «surgun» muddatini o‘tamoqda va faoliyatini tiklash niyatida.
5. Ansu Fati - 80 mln. yevro (2020)
Fati 16 yosh va 304 kunlik chog‘ida «Barselona» safidagi ilk golini urgan va bo‘lajak Messi maqomini olgandi. Lekin tez orada jiddiy jarohatga yo‘liqib, mavsumni maydon tashqarisida o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Ispaniyalik vinger hanuzgacha tizzasidagi shikastlanishdan qutula olgani yo‘q, «Brayton»dagi ijara kutilgan natijani bermadi. Biroq endi Ansu bilan Xansi Flik shug‘ullanmoqda - imkoniyat bor.
4. Jud Bellingem - 80 mln. yevro (2022)
Sancho bilan erishilgan muvaffaqiyatdan keyin, dortmundliklar Angliyada manfaatli transferni amalga oshirish mumkinligini tushunishdi va Birmingemdan 16 yoshli Bellingemni xarid qilishdi. 18 yoshida 80 mln.ga baholangan futbolchi Germaniyada barcha mavjud sovrinlarni qo‘lga kiritib, o‘tgan yil yozida 103 mln. yevro evaziga «Real»ga yo‘l oldi. «Borussiya» esa yaxshigina daromadga ega bo‘ldi. Jud esa La Liga va YECHLda zafar quchib, madridlik muxlislar yoqimtoyiga aylandi. Qizig‘i shundaki, futbolchi yaqinda 21ga chiqdi, lekin anchadan beri tajribali faxriylardek to‘p surmoqda.
3. Gavi - 90 mln. yevro (2022)
La Masiya bitiruvchisi Pedrining ideal sherigiga aylanib, Golden Boy mukofotiga sazovor bo‘lgandi. Yaqinda 20 yoshli o‘yinchi jarohatidan forig‘ bo‘lib, yangi parvozlarga tayyor turibdi. Gavi - Pedri juftligi Xavi - Inyesta duetini eslatadi.
2. Kilian Mbappe - 90 mln. yevro (2018)
Mbappe «Real»dagi yangi «galaktikos» vakillaridan biri. U 2018 yilda «Monako»dan «PSJ»ga o‘tganida fantastik o‘yinlarni namoyish etgandi. Kilian ikki marta JCHlari finallarida ishtirok etdi, Xorvatiyani mahv etib, Argentinaga qarshi bahsda xet-trikka erishdi. So‘nggi oylar Mbappe uchun voqealarga boy tarzda o‘tmoqda - «Real»ga o‘tishi, «PSJ» rahbariyati bilan mojarolar va tungi klublar tufayli yuzaga kelgan muammolar. Kilianning «kumiri» Ronaldu ham maydon tashqarisida shunga o‘xshash ko‘ngilsiz voqealarga duch kelgandi. Fransuz faoliyatidagi chalkashliklar nimaga olib borishini vaqt ko‘rsatadi.
1. Lamin Yamal - 150 mln. yevro (2024)
Agar siz 2018 yilda bizga futbol olamida Mbappedan ikki baravar qimmatroqqa baholanadigan yangi o‘smir paydo bo‘ladi deganingizda, ko‘pchilik bu xabarni kulgi bilan qarshi olgan bo‘lardi. Lekin o‘ta noyob iqtidor sohibi bo‘lmish o‘quvchi eshikni bir tepib, futbol olamiga tashrif buyurdi va Yevropa chempioni unvonini olishga ham ulgurdi. 18 yoshga chiqqunga qadar Lamin Ispaniya terma jamoasi tarkibida 17ta, «Barselona» safida 62ta uchrashuvda maydonga tushgandi. Endi siz Yamalning yana 15 yil shunday sur’atda to‘p surishini ko‘z oldingizga keltirishga urinib ko‘ring.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi