Dushan Vlaxovich: «Asabiylashishdan ma’no yo‘qligini tushunaman»
«Yuventus» klubining asosiy hujumchisi Dushan Vlaxovich DAZN platformasi «My Skills» video ko‘rsatuvi yangi mavsumining bosh qahramoni bo‘ldi...
Tyago Motta va yangi «Yuve» haqida:
- Uning kelishi bilan jamoa ancha yaxshilandi, men esa maydonda o‘z mahoratimni yaxshiroq namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ldim, chunki jamoaning yangi o‘yin uslubi menga ko‘proq mos keladi. Lekin, Allegri aytgan hamma narsani ham har doim qilishga tayyor edim, bizda hech qanday muammo bo‘lmagan. Tyago boshidanoq intizomga urg‘u berdi: «Sen oddiy ko‘rinadigan, ammo aslida ko‘rinmaydigan qarorlarni qabul qilishing kerak. Shuningdek, har doim bir vaqtning o‘zida yotishing, yaxshi dam olishing, yetarlicha uxlashing va parhezga rioya qilishing kerak», deydi.
Klub haqida:
- «Yuventus» men uchun juda ko‘p narsani anglatadi: u mening g‘ururim, g‘oliblik mentalitetim, oilamdir. Bu yerda hamma narsa boshqacha, mas’uliyat juda katta.
Gollari haqida:
- O‘zimga hech qanday cheklovlar qo‘ymayman, shunchaki har doim plankani ko‘taraman. Hech qachon o‘z natijalarimdan qoniqmayman, hatto «Fiorentina»dan «Yuventus»ga o‘tib, 24ta gol urgan mavsumimda ham shunday bo‘lgan. Har doim ko‘proq narsaga erishish mumkin.
«Inter» bilan raqobat haqida:
- Bu o‘zlariga qarshi duel bo‘ladi. Skudetto uchun kurashadigan ko‘plab jamoalar bor, bunday ambisiyalar haqida gapirishga hali erta. «Inter»ga kelsak, bu jamoa o‘tgan mavsumda ideal edi, bunga shubha yo‘q: biz juda kuchli jamoa haqida gapiryapmiz. Biroq, bu yil hammasini kichik detallar hal qiladi.
Boshqa hujumchilar haqida:
- Xolandning jarima maydonchasiga hujum qilish qobiliyatini olgan bo‘lardim. Agar tezlikni oshirsa, uni to‘xtatish juda qiyin, o‘zining jismoniy imkoniyatlari tufayli u har doim ortdan hujum qiladi. Lautarodan tanani boshqarish qobiliyatiga havas qilaman, u bu borada juda xavfli. O‘tgan yili u haqli ravishda eng zo‘ri bo‘ldi va men uni juda hurmat qilaman. Keyn va Levandovskilarning vaziyatni yakunlash qobiliyatlariga besh ketaman, Osimxenda esa tezlik bor.
Aqliy jihat haqida:
- Ba’zan maydonda, agar biror narsa biz xohlagan tarzda sodir bo‘lmasa, men asabiylasha boshlayman. Lekin buning ustida ishlayapman, chunki bundan ma’no yo‘qligini yaxshi tushunaman. Jokovich aytganidek: «Mening eng katta qobiliyatim xatolarni yo‘q qilish qobiliyatidir» va Krishtianu ham shunday deydi. Bu borada men yaxshilanishni davom ettirishim kerak. Umuman olganda, ichki muvozanatni saqlash juda muhimdir. Ya’ni hammasi zo‘r ketayotganda haddan ortiq xursand bo‘lmaslik va aksincha, muammo paydo bo‘lganda tushkunlikka tushmaslik lozim. Men «Yuventus»da shunga intilaman, chunki har uch kunda maydonga tusharkanmiz, xatolarni tuzatish uchun har doim yangi imkoniyat bo‘ladi. «Yuventus»da g‘alaba odatiy holdir: agar siz eng yaxshi bo‘lishni istasangiz, unda aynan shunday mentalitetga rioya qilishingiz kerak.
MUHAMMADXON tayyorladi