U shunchaki zavq olish uchun gol uradi...
Stokgolmda tavallud topgan Dyokereshning ayni paytga kelib, «Sporting» va Shvesiya terma jamoasi safida rasmiy musobaqalardagi jamg‘argan ballari 31taga (24+7) yetdi.
Futbolning bezagi bo‘lmish sermahsullik 6 yil avvalgi voqeani eslatdi. Bundan 6 yil avval norvegiyalik muxlis qandaydir Erling Xolandni eslab qolishga da’vat etib, murojaatida yorqin iboradan foydalangandi: «Bu yigit zavq olish uchun uradi».
Qiziqarli tafsilot. Braziliyalik Ronaldo navqironlik davrida o‘zini xursand qilish uchun gol urardi. Buyuk Gerd Myuller harakatlarida o‘ziga xos samimiylik bo‘lgan, bo‘lajak qirol Pele esa to‘p bilan ajoyib fintlarni namoyish etgan, gollar sonini ko‘paytirishga intilmagan.
Shvesiyalik venger Dyokeresh mahorat bobida ularga tenglasha olmaydi, albatta. Lekin hozir aynan buyuklar toifasiga xos o‘yin ko‘rsatmoqda. U o‘yinning, xususan, hujumkorlikning barcha jihatlarini «Sporting»da ham, terma jamoada ham mukammal o‘zlashtirib olgan. Barcha jamoadoshlari, hatto o‘zi gol urishi mumkin bo‘lgan to‘purarlar ham unga ishonib qolishgan. Chunki Viktor raqib himoyachilar orasida qulay pozisiyani topa oladi, burchakni qisqartirib, to‘pni darvoza burchaklariga yo‘llaydi. Dyokeresh hozir o‘z layoqatiga to‘liq ishonadi, xatoga yo‘l qo‘ymaydi. Chunki o‘tgan mavsumda u «Sporting» va terma jamoadagi o‘yinlarni yuksak saviyada o‘tkazib, yetarli tajribaga ega bo‘ldi. Viktor «Nyukasl»dagi jufti Isak bilan Shvesiyani Yevro-2024 turniriga olib chiqa olmagandi. Biroq MLda jamoani oliy divizionga olib chiqish bilan aybini yuvishi mumkin. Qolaversa, shvedlardan maksimal salohiyatni talab etadigan JCH-2026ning saralash bosqichi ham bor.
Jamoa va muxlislar asosan, shu hujumkor duetdan umidvorlar. Ozarbayjon va Estoniya Shvesiyaning saviyasiga baho berishga arziydigan raqiblar emas. Biroq Dyokeresh o‘z salohiyatini faqat sariq libosda namoyish etgani yo‘q. Viktor «Sporting» bilan Portugaliya chempionatida peshqadamlik qilmoqda. Dastlabki 4 uchrashuvda g‘alaba qozongan jamoa 16ta gol urib, o‘z darvozasidan atigi 2 marta to‘p olib chiqdi. Ha, Portugaliya Superkubogi bahsida himoya chizig‘idagi sustkashlik 3:4 hisobidagi mag‘lubiyatga sabab bo‘ldi. Vaholanki, jamoa 3:0 hisobida oldinga chiqib olgan, Dyokeresh 2ta assistni rasmiylashtirgandi.
Grandlar ulkan xatolikka yo‘l qo‘yishdi
Avvaliga Dyokereshni yozda top-beshlikning zo‘r klublari xarid qilmaganliklarini yoqlaydiganlar dalillarini ko‘rib chiqaylik. Ba’zan 26 yoshli hujumchini maydonda sinab ko‘rishni talab qiladilar. Uni «Brayton» va «Koventri»ga taklif qilishganini eslaydilar. Lekin u paytda «Suonsi»ning sobiq hujumchisi muammolar qurshovida edi. 6 yil avval «Brayton»ga 1 mln. yevro evaziga o‘tgan Viktor Germaniya va Angliya klublaridagi ijaralarda toliqib qolgandi. Lekin o‘shanda to‘g‘ri qarorga kelishgandimi?
«Sporting» narxni oshirib yuborgani uchun aybdor
Transfer bozori Dyokereshni 65 mln. yevroga baholagandi. Portugaliyaliklar esa «Benfika»dan muzokarani 100 mln. yevrodan boshlashni o‘rganib olishdi. Biroq «sherlar» «burgutlar» emas, ular kabi qimmat bahoda sota olmaydilar. Lekin «Sporting» tarkibida o‘z mahoratini ko‘rsata oladigan o‘yinchilar faqat Ronaldu va Brunu Fernandesh emas. Shunday ekan, shvedni xarid qilishdan cho‘chigan grandlarni oqlashga bo‘lgan urinishlarni faktlar puchga chiqardi. Hujumchi bosimga qarshi kurashish tajribasiga ega bo‘ldi, gollardan kolleksiya to‘plashni o‘rgandi.
Dyokeresh sheriklarini aniq his etadi, uni yonida 2 nafar vingerni ergashtirib yuradigan «Chelsi» hujumchisiga yoki qanotlardagi Martinelli va Sakadan tashqari, ortidan Edegor va Xaverslar yordam beradigan «Arsenal» hujumchisini tasavvur qilish mumkin emas. Viktor turli jamoalar tizimiga moslasha oladi. Ehtimol, u «Barselona»ning Levandovskidan keyingi markaziy hujumchisiga aylanar. Qachonki, klubda yozgacha kelishuv uchun yetarli mablag‘ topilsa. Qolaversa, 4 yillik shartnoma ham katta pul talab etiladi.
Mana bu esa - agent va futbolchining xatosi. Kelishuv tizginini «Sporting» mutasaddilari ixtiyoriga berib qo‘ymaslik kerak edi. Ruben Amorim klubi muzokaralarda doimo samarali emas. Uzoq vaqt davomida Joau Mariu «sherlar»ning eng qimmat sotuvi maqomida bo‘ldi. Faqat so‘nggi yillarda klub savdolashish ilmini o‘zlashtirdi. Fernandesh, Ugarte va Nunyes «Sporting»ga risoladagidek daromad keltirishdi. Lekin Dyokeresh masalasida agent vaziyatni keskinlashtirib yubordi. O‘yinchi manfaatini himoya qilayotgan shaxs De Yongni «Barsa»ga maosh bilan bog‘lagandi. Dyokeresh vaqti va kuchini zoye ketkazmoqda. Hatto Viktor «Sporting»da yana bitta mavsumni zo‘r o‘tkazganda ham, futbol olamiga juda nari borsa, uning gollari lavhalari yetib boradi. Muayyan chegarani bosib o‘tgan o‘yinchiga, shved buni o‘tgan mavsumda amalga oshirgandi, top-beshlikdan tashqarida to‘p surishdan ma’no yo‘q. «Sporting» yana chempionlikka erisha oladimi yoki boshqa jamoa shohsupaga ko‘tariladimi, bunisi muhim emas. Muhimi, muxlislar Viktorni YECHL yarim finaliga chiqa oladigan jamoa safida ko‘ra olmaydilar. Futbol mantiqiga zid jinoyat.
UYEFA va FIFA tomonidan klublardagi xarajatlar va transfer mablag‘larini nazorat qilish yo‘lga qo‘yilmagan vaziyatda, ko‘pgina grandlar stavkalardan voz kechishdi. Viktor APLga o‘tishi yoki «PSJ»ning hujum chizig‘ini kuchaytirishi mumkin edi. Chunki Kolo-Muani va Ramush shvesiyalik vengrdan kuchliroq ekanliklariga ishonish qiyin. Biroq Dyokeresh bir yil Lissabonda to‘xtab qoldi. To‘g‘ri, poytaxtdagi sharoit uni qoniqtiradi, xushmanzara shahar, binoyidek jamoa. Lekin bir yildan so‘ng Viktor 27ga chiqadi. «Sporting» esa hujumchi sermahsul o‘yinni davom ettirsa, bahoni pasaytirmaydi.
Bu yog‘iga Dyokeresh yanada yorqinroq to‘p surishi va ayrim grandlar qishda yirik transferga qo‘l urishlariga umid qilamiz. Agar Slotning Nunyes bilan ishi yurishmay qolsa, «Liverpul» sermahsul markaziy hujumchiga muhtoj bo‘lib qoladi. Mabodo «Arsenal»ning chempionligi uchun markaziy hujumchining yo‘qligi xalal bersa, Arteta «Napoli»dan Osimxenni yoki Dyokereshni xarid qilmagani uchun afsuslanib yuradi.
Jahongir MIRZO tayyorladi