SSKA bosh direktori: "Fayzullayevning maoshini oshirdik"
SSKAda bosh direktor lavozimida ishlab kelayotgan Roman Babayev hujumkor yarim himoyachi Abbosbek Fayzullayev bilan bog‘liq vaziyat haqida gapirdi.
Babayevning so‘zlariga ko‘ra, klub yangi shartnoma borasida muzokaralar olib bormayapti, biroq 21 yoshli hamyurtimizning maoshini oshirgan.
"Biz Abbos shartnomada nima yozilganidan qat’iy nazar, shartnoma muddatini uzaytirmasdan, moliyaviy shartlarni oshirishga loyiq ekanini his qildik. Bu bizning klubda odatiy hol", - deya Babayevning so‘zlarini keltiradi RB Sport.
2024/2025 yilgi mavsumda Fayzullayev 23 ta rasmiy o‘yin o‘tkazdi. Ularda futbolchimiz 3 ta gol urdi va jamoadoshlari uchun 6 ta golli uzatmani amalga oshirdi.