Rodri «Real»dan ko‘ra «Barsa»ga o‘tishga moyil
«El Nacional» nashrining yozishicha, 2023/24 yilgi «Oltin to‘p» sohibi Rodri «Real»ga emas, balki «Barselona»ga o‘tishni afzal ko‘rmoqda.
28 yoshli ispaniyalik futbolchi mavsum yakunidan so‘ng «Manchester Siti»dan ketish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Rodrining bu qaroriga ko‘plab omillar ta’sir qilmoqda. Xususan, Pep Gvardiolaning jamoani tark etishi ehtimoli, APL tomonidan klubga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan sanksiyalar va o‘z karyerasida yangi chaqiriqqa duch kelish istagi shular jumlasidandir.
Rodri o‘zining ona vatani La Ligasiga qaytishni xohlaydi, chempionatning har ikkala giganti ham uni o‘z saflariga qo‘shib olishdan manfaatdor. Rodri allaqachon o‘z tanlovini qilgan bo‘lib, agar u «Manchester Siti»ni tark etadigan bo‘lsa, «Barselona»ga o‘tishni istaydi. Ispaniyalik futbolchining fikricha, kataloniyaliklarning o‘yin uslubi unga ko‘proq mos keladi va ayni paytda bu loyiha uni ko‘proq qiziqtirmoqda. Bundan tashqari, «Real»ga o‘tish Rodri o‘z faoliyatini boshlagan «Atletiko»ga nisbatan xiyonat bo‘ladi.