Brunu Fernandesh samolyotda inson hayotini qutqarib qoldi
“Manchester Yunayted” futbolchisi Brunu Fernandesh FIFA kunlari sabab Portugaliya terma jamoasi yig‘iniga borish uchun Manchesterdan Lissabonga uchayotganda inson hayotini qutqarib qoldi.
U jamoadoshi Diogu Dalot bilan birga uchgan. Business Cloud nashrining xabariga ko‘ra, Brunu parvoz vaqtida zarurat yuzasidan samolyotning orqa qismidagi xonaga yo‘l olgan. Oradan bir oz vaqt o‘tgach, orqa tomondan kimningdir baqirayotgan ovozi eshitilgan.
“Barchamiz o‘girilib qarasak, Brunu qo‘lida bir kishini tutib turibdi va u chamasi hushini yo‘qotgan edi. Ekipaj a’zolari darholga yordamga oshiqdi. Salonning orqa qismida bo‘sh o‘rindiq bor ekan, Brunu haligi kishini o‘sha joyga o‘tqazishga yordam berdi va unga yordam ko‘rsatilib, hushiga kelguniga qadar uning yonida bo‘ldi.
Buning barchasi taxminan 5-10 daqiqa davom etdi. Keyin Brunu jimgina o‘z o‘rniga qaytib, joyiga o‘tirmoqchi edi. Uning kamtarligiga qaramay, ko‘plab insonlar u bilan suratga tushishni xohladi”, — deya o‘sha reysda uchayotgan Syuzanna Louson so‘zlaridan iqtibos keltiradi Business Cloud.