Mashhurlikka intilishmi yoki shunchaki, iqror?
"Lionel Messi Amerika kubogi finalini o‘tkazib yubormasligi uchun unga sariq kartochka ko‘rsatmaganman va evaziga futbolkasini so‘raganman". Bu chililik 59 yoshli sobiq hakam Karlos Chandiyaning kutilmagan iqrori
Gap bundan 17 yil muqaddam kuzatilgan voqelik haqida ketmoqda. Qiziq, uni Amerika kubogidek jiddiy turnir yarim finalida Messi bilan zimdan kelishib ish tutganini tan olishga nima majbur qildi? Ushbu iqror ortida vijdon azobi turibdimi yoki mashhurlikka intilish? To‘g‘ri, adolat yuzasidan aytish kerak, Chandiya va Lionel o‘rtasidagi «sirli kelishuv» o‘sha o‘yin natijasiga ta’sir qilmagan. Qolaversa, Argentina milliy jamoasi yetakchisi finalda ham aytarli karomat ko‘rsatolmagan.
Demak, Karlos Chandiya 2007 yilgi Amerika kubogi yarim finalidan o‘rin olgan Argentina va Meksika termalari o‘rtasidagi bahsni boshqarib boradi. 3:0 hisobida argentinaliklar g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuvning oxirgi daqiqalarida esa chililik referida Lionel Messi bilan kelishish imkoniyati yuzaga keladi va u bundan o‘z o‘rnida foydalanib qoladi. «Messi tezlikda to‘pga intilib, to‘satdan qo‘li bilan o‘ynadi. Bu vaziyat maydon markazida kuzatildi. Ya’ni Meksika termasi uchun qandaydir xavfli hujum yoki gol xavfi yo‘q edi. Shunga qaramay, Messi yoniga yaqinlashib, bor gapni ochiq aytdim: «Harakating aslida sariq kartochkaga tortadi, bundan ko‘z yumishim esa senga bitta futbolkaga tushadi». Yakunda uni ogohlantirmadim. O‘yin yakunlanishiga atigi 2,5 daqiqa qolgan va hisob 3:0 edi. Agar Leoga sariq kartochka ko‘rsatganimda, uning Amerika kubogi finalini o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri kelardi. Messi oxir-oqibat, kiyinish xonasida futbolkasini tortiq etdi. Aslida Leo formasini maydondayoq qo‘limga tutqazmoqchi edi, lekin uni vaqtida to‘xtatib qoldim: «Yo‘q, yo‘q, yo‘q, yaxshisi, futbolkangni kiyinish xonasiga olib bor». Xullas, Messi hakamlar xonasiga futbolka bilan kirib, uni menga qoldirgandi», — deya voqea tafsilotini bayon etdi Karlos Chandiya ESPN telekanalining FShow ko‘rsatuvida.
O‘z o‘rnida aytish kerak, Argentina milliy jamoasi Amerika kubogi-2007 finalida Braziliya termasi bilan kuch sinashgan va 0:3 hisobida yengilgan. Jumladan, hakamning marhamati bilan hal qiluvchi o‘yinda qatnasholmaslik xavfidan qutulgan Messi ham maydonda hech nima qilolmagandi. Demak, Chandiyaning futbol dahochasi formasini olish ilinjida unga sariq kartochka ko‘rsatmaganidan hech kimga ortiqcha ziyon yetgan emas.
Jahongir MIRZO tayyorladi