Navqiron boyvachchalar
Jahon futbolida hozirning o‘zida katta ish haqi olayotgan yosh iqtidorlar paydo bo‘lishdi.
Avvalo, ro‘yxatdan chetda qolgan Lamin Yamal xususida tushuntirish berishni lozim topdik. Uning hozirgi haftalik maoshi 32115 yevro. Lamin «Barselona» yoki boshqa jamoa bilan yangi shartnomani imzolagach, ish haqi miqdori bir necha baravarga ko‘payadi. Bundan tashqari, ish haqiga oid ma’lumotlarning barchasi rasmiy emas, yevroning rublga nisbatan kursi o‘zgarishi bilan turli manbalardagi ma’lumotlar farq qilishi mumkin.
10. Yussufa Mukoko - haftasiga 57692 yevro («Borussiya D.», 19 yosh)
16 yoshga to‘lgan kunining ertasiga debyutini nishonlagan hujumchi hozircha o‘z salohiyatini to‘liq yuzaga chiqara olgani yo‘q. Lekin uning ixtiyorida yetarli vaqt bor. Mukokoning shartnomasi 2026 yilgacha mo‘ljallangan. Lekin o‘zi hozir «Nissa»da ijara asosida to‘p surmoqda va ish haqining asosiy qismi «Dortmund» g‘aznasiga tushayotgan bo‘lishi mumkin. 19 yoshli hujumchi «Sent-Etyen»ga qarshi bellashuvda (8:0) ilk marta boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgani va 2ta gol, bitta samarali uzatmani rasmiylashtirgani vaziyatni ijobiy tomonga burib yuborishi ehtimoli ham yo‘q emas.
9. Mark Giu - haftasiga 59518 yevro («Chelsi», 18 yosh)
Yozda Giuning «Barselona»dan «Chelsi»ga o‘tishi katalaoniyaliklar uchun o‘ziga xos ogohlantirish bo‘lishi, ya’ni, ya’ni, Yamalga durustroq shartnoma taklif etishmasa, u ham «ko‘klar» tarkibiga yo‘l olishini anglatishi mumkin. «La Masiya»ning 18 yoshli tarbiyalanuvchisi La Liga va YECHLdagi ajoyib gollari bilan ko‘pgina klublar e’tiborini tortgandi. Moliyaviy muammolar tufayli, klub unga «Chelsi»dagidek sharoit yarata olmadi.
8. Vitor Roke - haftasiga 67308 yevro («Barselona», 19 yosh)
Mukoko singari bu iqtidor sohibi ham ijaraga berildi, lekin o‘zga mamlakatga emas, «Betis»ga. Sevilyaliklar jamoasiga Roke yolg‘iz emas, kuchukchasi bilan tashrif buyurdi. O‘zi yosh yigitcha, lekin yaxshi inson. Yanvar oyida ilk bor «Kamp-Nou»ga kelgan braziliyalik futbolchi bor-yo‘g‘i 2ta gol urgandi. Ehtimol, boshqa jamoadagi o‘yin amaliyoti - ayni pallada u uchun eng yaxshi variantdir.
7. Pau Kubarsi - haftasiga 76923 yevro («Barselona», 17 yosh)
Kataloniya grandining navbatdagi yulduzchasi. Kichik yoshda bo‘lishiga qaramay, Kubarsi yetuk markaziy himoyachi maqomida to‘p surmoqda. O‘tgan mavsumda Pau Xavining rahbarligi ostida La Liga va YECHLdagi ajoyib o‘yinlari bilan shuhrat qozongandi. Shu sababli klub unga manfaatli yangi shartnomani taklif etdi. Kelishuvga binoan, o‘zaro hamkorlik 2027 yilgacha davom etadi.
6. Endrik - haftasiga 80000 yevro («Real», 18 yosh)
Braziliyalik vunderkind 14 yoshli chog‘ida muxlislardan jahon miqyosidagi iqtidor maqomini olgandi. Ikki yildan keyin «Real» uni o‘z safiga qo‘shib oldi. Tasavvur qiling, siz 16 yoshda dunyoning eng nomdor klubidan taklif oldingiz. Biroq Endrikni o‘smir deyishga til aylanmaydi, axir u yaqinda uylandi-da. Bunday jadallik bilan u o‘z faoliyatini bobo maqomida yakunlasa, ajablanmaymiz.
5. Archi Grey - haftasiga 89277 yevro («Tottenxem», 18 yosh)
O‘tgan mavsumni u o‘zining bolalikdagi klubi «Lids» yorqin o‘yinlar bilan o‘tkazgandi. Lekin tez orada «Elland Roud»ga yo‘l olishi muqarrar edi. Bunday o‘yinchilarni Chempionshipda uzoq qoldirmaydilar. Archining jamoasi esa pley-off finalida mag‘lubiyatga uchrab, elitaga chiqa olmadi. «Tottenxem» Grey uchun naq 30 mln. funtdan voz kechdi. Lekin Postekoglu yosh iqtidorni jalb etishga oshiqmay, asosiy tarkibga bosqichma-bosqich tayyorlamoqda.
4. Matis Tel - haftasiga 96154 yevro («Bavariya», 19 yosh)
«Bavariya» vunderkindi o‘zining yuqori tezligi, driblingi va hujumni yakunlash qobiliyati bilan ajralib turadi hozircha Matis bir oz sabr qilishga majbur. Chunki «Alyans-Arena»da Gari Keyn hukmron. Biroq jamoa uning yuksak salohiyatiga shubha qilmaydi. Aks holda, 2029 yilgacha mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekmasdi.
3. Arda Gyuler - haftasiga 100000 yevro («Real», 19 yosh)
Endrik - «Bernabeu»dagi eng ko‘p maosh oladigan yosh futbolchi emas. Gyuler Madriddagi debyut mavsumida iqtidorini namoyish etishga ancha qiynalgan bo‘lsada, Turkiya terma jamoasi bilan Yevro-2024 turnirida barcha muxlislar mehrini qozondi. Bu yigit jahon arenalarida ulkan muvaffaqiyatlarga erisha olishiga aslo shubha yo‘q.
2. Leni Yoro - haftasiga 136892 yevro («MYU», 18 yosh)
«MYU» mashaqqatli qiyinchiliklarga duch kelgan pallada uning tarkibida Yevropaning o‘ta noyob iqtidorli yosh himoyachisi borligini hatto eslash ham noqulay. Afsuski, hozircha faqat qog‘ozda - mavsum starti arafasida futbolchi jarohat olib, muolaja kursini qabul qilmoqda.
1. Uorren Zair-Emeri - haftasiga 161538 yevro («PSJ», 18 yosh)
18 yoshli Zair-Emeri Yevropaning eng zo‘r yarim himoyachilardan biri va yuksak salohiyatga ega. 2022 yilda «PSJ» Uorren bilan 2029 yilga qadar davom etadigan shartnomaga imzo chekkanida, parijliklar hammasini tushunib ulgurishgandi. Yuqorida zikr etilgan futbolchilardan qay biriga ulkan muvaffaqiyatlarga erishish nasib etishini oliy hakam - vaqt belgilaydi!
MUHAMMADSODIQ tayyorladi