Libertadores kubogida hushini yo‘qotgan "Nasyonal" futbolchisi og‘ir ahvolda
Xuan Iskyerdo San-Pauludagi kasalxonada og‘ir ahvolda.
Avvalroq, 27 yoshli "Nasyonal" himoyachisi Libertadores kubogi 1/8 finali doirasidagi braziliyalik "San-Paulu"ga qarshi javob o‘yinida (0:2) hushini yo‘qotib, shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgandi.
Dushanba kuni Xuan Iskyerdo olib ketilgan Braziliya kasalxonasi shifokorlari futbolchi reanimasiyada va sun’iy xavo berish apparatiga ulanganligi haqida xabar berishdi.
Shuningdek, Iskyerdoda "miyaning progressiv shikastlanishi va intrakranial bosimning oshishi" borligi, shifokorlar buni hayot uchun xavfli holat deb hisoblashlari xabar qilingan.
Urugvay terma jamoasining sobiq sardori Diyego Lugano dushanba kuni Iskyerdo davolanayotgan shifoxonaga tashrif buyurdi, ammo jurnalistlar bilan gaplashmadi.
Urugvay OAVlarining xabar berishicha, Iskyerdoning ota-onasi, uning rafiqasi va ikki yoshli qizi "Nasional" rahbariyati bilan birga San-Pauludagi kasalxonada.