"Bavariya" himoyachisi dekabr oyi o‘rtalariga qadar safga qaytmaydi
Myunxenning "Bavariya" klubi qanot himoyachisi Iosif Stanishich dekabr oyi o‘rtalarida jarohatidan so‘ng mashg‘ulotlarga qaytadi.
Bu haqda Florian Plettenberg xabar bermoqda.
Shu yilning avgust oyida 24 yoshli xorvatiyalik futbolchi o‘ng tizzasidan jarohat olgandi. Hozirda tiklanish jarayoni davom etmoqda. Stanishich kelasi yilning yanvariga qadar optimal formaga kirishiga umid qilmoqda.
Jarohati tufayli Stanishich joriy mavsumda "Bavariya" tarkibida atigi bitta o‘yin o‘tkazdi - Germaniya kubogi doirasida 16 avgust kuni "Ulm" jamoasiga qarshi o‘yinda maydonga tushgandi.
Xorvatiyalik futbolchi o‘tgan mavsumni ijara asosida Leverkuzenning "Bayer" klubida o‘tkazdi va u bilan Bundesliga chempionligini qo‘lga kiritdi. Shu yilning iyun oyida Stanishich "Bavariya" bilan shartnomasini 2029 yilgacha uzaytirdi. Futbolchining transfer narxi 28 million yevroga baholanmoqda.