Futbol olamiga quvonch keltirgan «sehrgar»
Futbolchi Inyestaning yagona gunohi bor - buyuklik maqomini olish imkoniyatidan chetda qolib ketdi.
U shunchalik zo‘r sheriklar bilan o‘ynadiki, bosh qahramon libosini bir marta kiyib ko‘rishning ham iloji bo‘lmadi. O‘smirlik yillarini «Barselona» afsonalari qurshovida o‘tkazdi, dastlabki tarkibdagi Gvardiola va boshqa yulduzlarni bolalik davrida ko‘rdi. Axir u klub akademiyasida tahsil olgandi. Andres Puyol va Xavidan Messi va Suaresgacha bo‘lgan buyuklar yonida to‘p surdi. Ispaniya terma jamoasida ham yagona yo‘lchi yulduz bo‘lish baxti unga nasib etmadi. Doimo Kasilyas, Ramos, Vilya va Alonso uning yonida bo‘lishardi.
Yevro-2008 finalida Xavi to‘pni Torresga uzatdi, Fernando Lamdan ustun kelib, hal qiluvchi yagona golni urdi. O‘sha oqshom Inyesta Yevropa chempioni bo‘ldi, anchadan beri sovrinsiz o‘ynagan Ispaniya sharmandali yulduz jamoa maqomidan forig‘ bo‘ldi. Mazkur tarixiy voqeadan 2 yil Raykarddek o‘ta yomon murabbiy YECHLdagi «Arsenal»ga qarshi final bahsida Andresni zaxiradan maydonga tushirganda, Venger jamoasi Kempbellning goli evaziga g‘alaba qozonayotgandi. Lekin Inyesta Larsson bilan kambekni amalga oshirishdi.
Italiya terma jamoasiga qarshi uchrashuv yakunlangach, Andres raqib o‘yinchilari bilan tushgan suratini ko‘rsatib, Markizio, Bonuchchi, Kyellini va yana 3 nafar o‘yinchini muxlislarga tanitdi. Agar Ronaldu shunday qilganida, raqiblarini kalaka qilyapti, deb o‘ylagan bo‘lishardi. Ochiq ko‘ngil va muloyim tabiatli Inyesta esa ularni hurmat qilishini namoyish etdi.
JCH-2010ning finalidagi g‘alaba golini aynan Inyesta amalga oshirgan va ispaniyaliklarning suyukli futbolchisi maqomiga ko‘tarilgandi. Faoliyatini yakunlagan kunida millionlab muxlislarda minnatdorchilik eshitishiga shubha yo‘q.
Andres o‘zining noyob iqtidor sohibi ekanligini isbotladi
Inyesta «Barselona»ning asosiy tarkibida ilk qadamlarini tashlagan davrda futbol xavbeklarni ortiqcha siylamagandi. «Yuventus»da Nedved, «Real»da Zidan va Figular to‘p surishgan, Jerrard oyoqqa tura boshlagan, Zeedorf tezlik olayotgandi.
Andresdan 3 yosh kichik bo‘lgan Sesk Fabregas undan 3 yil avval UYEFAning ramziy terma jamoasidan joy olgandi. Lekin tanlash imkoniyati keng bo‘lgan Ispaniya terma jamoasida Buskets, Xavi, Sesk, Xabi Alonso va boshqa yarim himoyachilar orasida Andres boshlang‘ich tarkibda ko‘proq maydonga tushardi. U 131 marta «qizil furiya» sharafini himoya qilgan. Terma jamoadagi o‘yinlar soni bo‘yicha atigi 4 nafar futbolchi - Xavi, Buskets, Kasilyas va Ramos Inyestadan oldindalar. Andresning aqlli to‘p surishi barchaga ma’lum bo‘lsada, katta futbol olamiga ko‘tarilishiga ayrim murabbiy va ekspertlar ishonishmagandi. Xayriyatki, skeptiklar xato qilishdi.
Talabalik davrida futbol maydonida ustoz maqomida edi
Inyestada murabbiylik xislati borligini, uning maydondagi harakatlaridan saboq olganligini Gvardiola tez-tez ta’kidlab turadi va sobiq shogirdi «Barselona»ga qaytib, yosh iqtidorlarga ustozlik qilishini istaydi. Ayrim kishilar «qariya» bo‘lib tug‘iladilar. Aqliy jihatdan, Andres ulardan biri. Biroq u maydonda fantastik o‘yin ko‘rsatardi. Muxlislar uning to‘pni yerga tushirmagan holda u oyog‘idan bunisiga uzatishlarini unutishmagan. Bunday fint bilan xavbek birdaniga 2-3 nafar raqiblarini ortda qoldirib ketardi.
Andresning yana bir o‘ziga xos quroli - o‘ta qaltis uzatmalar. O‘tmish futbolida maydonlar va to‘plarning sifati bunday uzatmalarni amalga oshirish uchun doimo yaroqli bo‘lavermasdi. Andres to‘p surgan davrda infratuzilma tubdan o‘zgardi, pastdan yo‘llanadigan ajoyib uzatmalar manfaat beradigan bo‘ldi. Xavbek uzatmaning vaqti va to‘pning trayektoriyasini puxta belgilash evaziga himoyachilarni dog‘da qoldirardi.
Xavbekka xos navbatdagi «fishka» - o‘ng oyog‘i bilan chap qanotdan yo‘llanadigan zarba. Hozir Bellingem sinab ko‘rmoqda. Lekin past bo‘yli Inyesta bo‘ydor inglizdan ko‘ra yaxshiroq bajarardi. Uni gollar statistikasi hech qachon qiziqtirmagani sababli, terma jamoada 13ta, «Barselona»da 57ta golni rasmiylashtirgan. Lekin 674 uchrashuvda 157ta assist muallifi bo‘lgan. Albatta, Messi bilan quvlashmachoq o‘ynashda ma’no yo‘q - Andres xudbin emas. Yomoni - o‘z ixtiyoridagi «Oltin to‘p»lardan ikkitasini Xavi bilan Inyestaga inyom etishga Lionelning ongi yetishmaganligi. Ko‘rinib turibdiki, ular o‘rtasidagi munosabat Messining Luis Suares va Neymarga yaqinligidek do‘stona bo‘lgan emas. Lekin muxlislarga shunisi ham aniqki, futbol tarixida boshqa zo‘r o‘yinchilarni taqdirlash mantiqan to‘g‘ri yechim bo‘lgan yillar ham yo‘q emas. Bunga Messi va Ronalduning inkor etib bo‘lmaydigan buyuklik maqomlari monelik qilmaydi. Inyesta «Oltin to‘p» sovriniga munosib futbolchi ekanligiga zarracha shubha yo‘q. Ayni kuchga to‘lgan davrida u yuksak saviyaga ega bo‘lgan va ajoyib o‘yin ko‘rsatgandi. Keyinchalik har qancha urinsa ham, o‘zi istagandek o‘ynay olmadi.
Aytishlaricha, Yaponiya va BAAda Andres talab darajasida to‘p sura olmagan. Bu fikrga qo‘shilamiz. May oyida ispaniyalik xavbek 40 yoshga to‘ldi. Tarixda vaqtni hech biron-bir futbolchi yenga olmagan. Lekin hozir gap Ispaniyaning 9 karra chempioni, YECHLning 4 karra g‘olibi haqida ketmoqda. Inyesta ikkita Yevro va bitta JCHda shohsupaga ko‘tarilgan. Hatto Yaponiyada ham 1-o‘rinni egallagan. Xushbichimlik va futbol intellekti bobida u bilan tenglasha oladigan futbolchi juda oz. Ajoyib faoliyat ortda qolib, tarixga aylandi. Oldinda esa turmush o‘rtog‘i Anna va farzandlari bilan o‘tkazadigan yillar kutmoqda. Andres 3 nafar qizaloqlar va 2 nafar o‘g‘ilning mehribon otasi.
S.RAHMONOV tayyorladi