«Emireyts» - moda haftaligi manzili
Sentyabr oyi oxirida London moda haftaligi markaziga aylandi. An’anaga muvofiq, APL yulduzlari ham ko‘rgazmalarga bosh suqishdi.
Bu safar yangilik ham kuzatildi: namoyishlardan biri uchun tarixda ilk marta futbol stadioni - «Emireyts» tanlandi. Gap shundaki, «Arsenal» Afrikadan ilhomlanadigan moda brendi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.
Britaniya moda brendi - Labrum kelishuv asosida «Arsenal» va Adidas bilan hamkorlikda London klubi stadionini ko‘rgazma sahnasiga aylantirdi. Klub yetakchilaridan biri Deklan Rays esa 2025 yil bahor-yoz kolleksiyasi modeli rolida ko‘rinish berdi. Namoyish chog‘i italiyalik Rikkardo Kalafyori va 17 yoshli Maylz Lyuis-Skelli jamoadoshlarining yangi sohadagi muvaffaqiyatini birinchi qatorda kuzatishdi. Shuningdek, «Arsenal»ning sobiq futbolchisi, amaldagi teleboshlovchi Aleks Skott ham. Aslida bu Labrum London brendining «Arsenal» bilan birinchi hamkorlik ishi emas. Mashhur brend ushbu mavsum Adidas bilan birga klub uchun Afrikaning an’anaviy ranglarida safar futbolkalari va butun ekipirovka (jumladan, ikki xil kurtka, mashg‘ulotlar formasi, jemper, sport shimlari) tayyorladi.
«Emireyts»da namoyish etilgan eng noodatiy uslub - bu «Arsenal» futbolkalarining kombinezon varianti. Aytish kerak, kompaniya asoschisi Fode Dumbuya «Arsenal»ning ashaddiy muxlisi hisoblanadi. U Syerra-Leoneda tug‘ilgan va 12 yoshida Londonga ko‘chib o‘tgan. Dumbuya endilikda moda vositasida G‘arbiy Afrika an’analarini keng tarzda ko‘rsatishga intilmoqda. Labrum London shiori ham noodatiy - «Emigrantlar tomonidan ishlab chiqilgan». Syerra-Leone jamoasi Parij-2024 Olimpiadasida ushbu brend sport kiyimlarida qatnashganini ham qo‘shimcha qilish o‘rinli. Labrum kompaniyasining asosiy rasmiy do‘koni Londonda joylashgan. Ushbu brend o‘tgan yili Britaniya dizayniga qo‘shgan hissasi uchun nufuzli Yelizaveta II mukofotiga loyiq ko‘rilgandi.
London moda haftaligi dasturining eng katta voqeligi - Burberry shousi an’anaviy tarzda ko‘plab mashhurlar, jumladan, sport yulduzlarini birlashtiradi. Bu safar shouga Rio Ferdinand va Mark Gexi ham tashrif buyurishdi. Fevral oyidagi shouda esa Son Xyun Min, Bukayo Saka, Ben Chiluell, Martin Edegor, Dele Alli va Garet Beyl kabi futbol namoyandalari ko‘rinish berishgandi.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi