Maydon o‘yinchisi darvozaga turdi va «Jirona»ni Ispaniya kubogidan chetga «uloqtirdi» (videosharh)
U «Barselona»da o‘ynagan sobiq darvozabonning o‘g‘li. Ispaniya chempionatida daraja bo‘yicha 4-o‘rinda turuvchi liga ishtirokchisi «Logronyes» mamlakat kubogi ikkinchi raundi (1/32 final)da «Jirona»ni kurashdan chetga chiqarib yubordi - qoyilmaqom «sensasiya»! Boz ustiga, kamtarin jamoa darvozasini asli himoyachi sanalgan futbolchi qo‘riqladi. Bunisiga nima deysiz? Bir tomondan, mislsiz jasorat, ikkinchi tomondan, xuddi shunday sharmandalik.
Darvozabon jarohati va Arnau soati
O‘tgan mavsumning bosh «sensasiya»chisi «Jirona» To‘rtinchi divizion jamoasi darvozasiga gol urolmadi: na asosiy va na qo‘shimcha bo‘limlarda. La Liga ishtirokchisi «overtaym»ning birinchi qismigacha kamtarin raqib darvozasi tomon aniq zarba ham berolmadi. To‘g‘ri, «Jirona» asosan zaxirachilar bilan maydonga tushdi. Boshlang‘ich tarkibdan faqat Xuanpe, Deyli Blind, Arno Danjuma va faxriy Kristian Stuani joy olishdi. Keyinchalik yana bir qator asosiy futbolchilar o‘yinga qo‘shilishdi, ammo bu ham natijada aks etgani yo‘q. Qo‘shimcha bo‘limlar boshlanishi bilan esa «Logronyes» darvozaboni Kike Royo jiddiy jarohatga yo‘liqdi (boshiga zarba qabul qildi), ammo jamoada futbolchi almashtirish limiti tugagandi. Natijada 19 yoshli himoyachi Pol Arnau darvozabon rolini o‘z zimmasiga oldi. E’tiborli tomoni, zaxira kiperi formasini kiygan yigitcha yangi rolga tezda moslashdi va chamasi 30 daqiqa davomida ishonchli harakatlandi: to‘pga bexato chiqishlar, muxlislar olqishi ostida zarbalarni bartaraf etish... Pol shuning barobarida kerak payt to‘pni o‘zida ushlab turish asnosida raqib shiddatini pasaytirdi. U shu tariqa barchasini penaltilar seriyasigacha cho‘zdi va yana chaqnadi! Aniqroq aytsak, Arnau hujumchi Abel Ruis bilan «duel»ni o‘z foydasiga hal qildi, ammo «seyv» yordam bermadi - klubdoshi ham gol urolmadi. Shunga qaramay, yakunda «Logronyes» g‘alaba qozondi, baribir. Chunonchi, «Jirona» sardori Kristian Stuani darvoza to‘sinini nishonga oldi. To‘rtinchi divizion jamoasi uchun tarixiy natija, yana shunday qiyin sharoitda! Yakunda «Logronyes» futbolchilari qahramonni ko‘kka otishdi - u bunga loyiq edi.
Sobiq kiperning o‘g‘li
«Logronyes» tarbiyalanuvchisi sanalgan 19 yoshli Pol Arnau jamoaning asosiy tarkibida atigi 3ta o‘yin o‘tkazgan (2tasi Ispaniya kubogida). Unga darvozabonlik begona emas. Har holda, yigitchaning otasi sobiq darvozabon - Fransesk Arnau 1996-2001 yillar «Barselona» sharafini himoya qilgan (Kataloniya klubi tarkibida 32ta o‘yin). U bu davrda 5ta jamoaviy sovrin yutgan - ikki karra Ispaniya chempioni, ikki karra mamlakat kubogi sohibi va Kubok egalari kubogi egasi. Fransesk shuningdek, «Malaga» bilan Intertoto kubogi g‘olibiga aylangan. Ayanchli tomoni, katta Arnau 2021 yili o‘z joniga qasd qilgan. Pol «Jirona»ga qarshi o‘yindan so‘ng otasini ham esladi, albatta: «Osmonda menga yordam berib turadigan kishi bor. Hamisha darvozabonlar o‘yinini maroq bilan kuzataman, xususan, akamning harakatlarini (Mark Arnau - «MolYE-russa» darvozaboni). Oilamga rahmat! Qayerda o‘ynamayin, astoydil ishlayman va borimni beraman. Darvoza chizig‘i ustida turganimda, otam ko‘z oldimga keldi, penaltilar seriyasida ham. Zarbani bartaraf etganimdan keyin menga kimdir yordam berayotganini angladim». Yana bir fakt: Pol Arnau kubok turnirining ketma-ket 2ta bosqichida «Logronyes»ga mislsiz yor-dam berdi. Oktyabr oyida aynan uning 108-daqiqada urgan goli evaziga «Eybar» dog‘da qoldirilgan edi (1:0). Endi esa yigitcha o‘zini mutlaqo boshqa rolda ko‘rsatdi - otasi tirik bo‘lganida, buni qadrlardi, albatta.